Janubiy Koreya futbolchilari Son Xyon Min sabab jurnalistlarga boykot e’lon qildi
Bunga avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlar sabab bo‘lgan.
Janubiy Koreya milliy terma jamoasi futbolchilari JCh-2026 musobaqasida jamoa hujumchisi Son Xyn Min atrofida yuzaga kelgan noxush vaziyat sababli OAV vakillariga boykot e’lon qilishdi.
Bunga avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlar sabab bo‘lgan. Unda jurnalistlar 7-iyun kuni jamoaning Gvadalaxaradagi mashg‘uloti paytida Son Xyon Minning majburiy harbiy xizmatdan ozod etilgani ustidan kulib, mazax qilishgani aks etgan.
Mazkur voqeadan so‘ng, AQShning "Los-Anjeles" klubi a’zosi hisoblangan futbolchi Janubiy Koreyaning Chexiya ustidan qozonilgan g‘alabasidan (2:1) keyin matbuot bilan muloqot qilishdan bosh tortdi. Keyinchalik futbolchilar ishtirokida OAV uchun rejalashtirilgan boshqa barcha tadbirlar ham bekor qilindi.
"Koreya futbol assotsiatsiyasi Gvadalaxaradagi mashg‘ulot lagerida ayrim OAV vakillari tomonidan bildirilgan noo‘rin fikrlar yuzasidan chuqur afsusda ekanini bildiradi.
Terma jamoamiz Janubiy Koreya sharafini himoya qilayotganini va katta mas’uliyatni his etgan holda xalqimizning qo‘llab-quvvatlashi hamda ishonchini oqlash uchun bor kuchini safarbar etmoqda.
Biroq, yaqinda mashg‘ulot bazasida ayrim OAV vakillari o‘rtasidagi nomaqbul suhbatlarning sizib chiqishi terma jamoa a’zolari uchun katta shok bo'ldi", — deyiladi Janubiy Koreya futbol federatsiyasining rasmiy bayonotida.
Tashkilot o‘z bayonotida "jurnalistlar mehnati va OAVning rolini hurmat qilishini" qayd etgan bo‘lsa-da, "Koreya futbol assotsiatsiyasi bundan keyin ham birinchi navbatda terma jamoa xavfsizligi va himoyasini ta’minlash hamda sog‘lom media muhitini yaratishga intilishini" qo‘shimcha qilgan.