Janubda kuzgi ko‘chat ekish boshlandi
Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi ko‘chat ekish mavsumiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat va tuman tashkilotlari rahbarlari, muassasa va idoralar vakillari, jamoat faollari, nuroniylar, yoshlar ishtirok etgan yig‘ilishda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Rajabov, viloyat hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Amirov va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasining ahamiyati, hududlarning ekologik muvozanatini saqlash va atrof-muhitni yaxshilashdagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Vohada joriy yil kuzgi ko‘chat o‘tqazish mavsumi doirasida 7 million 843 ming tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan. Yig‘ilishda kuz mavsumida yaxshi niyatlar bilan qadaladigan mevali-manzarali daraxt va buta ko‘chatlarini sifatli ekish, parvarishlash yuzasidan fikr almashildi. “Yashil makon” loyihasining bahorgi mavsumida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, aholining ekologik madaniyatini oshirish, daraxt ekish tadbirlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bahorgi mavsumda “M-39” avtomagistral yo‘lining ikki tarafini yashil hududga aylantirishda faol ishtirok etib, ko‘chatlarni namunali parvarishlayotgan tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlariga tashakkurnoma topshirildi.


Shu yerda “Yashil makon” loyihasining kuzgi ko‘chat ekish mavsumiga start berilib, tanlangan hududga yuz tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA