Janubda eng munosib nomzodlar mahallaga rais bo‘ldi
Surxondaryo viloyatidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raisi saylovi yakunlandi. May-iyun oylarida bo‘lib o‘tgan saylovda vakolat muddati tugagan 641 nafar mahalla raisi uchun fuqarolar yig‘ini saylovi tashkil etildi. 83 mahallada fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati kelmagani sababli saylov o‘tkazilmadi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zini o‘zi boshqarish organini yanada rivojlantirishning qonunchilik bazasi mustahkamlanib, mahalla instituti yanada takomillashdi. Халқни yagona maqsad yo‘lida tinch, farovon hayotga yetaklaydigan kuchli jamoatchilik tuzilmasiga aylandi. Odamlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yoshlar bilan ishlash kabi masalalarda xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajara boshladi.

Bu o‘zgarishlarga xos mahalla fuqarolar yig‘ini saylovi ham demokratik tamoyillarga mos ochiq, oshkora va muqobillik asosida konstitutsiyamizning 127-moddasi hamda “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq o‘tkazildi.
Vohada saylovni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun Xalq deputatlari viloyat Kengashining shu yil 20 fevraldagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga ko‘maklashish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, tegishli chora-tadbirlar rejasi, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Surxondaryo viloyati komissiyasining tarkibi tasdiqlandi. Shuningdek, tuman va shahar xalq deputatlari kengashining qarori bilan ham 14 ta tuman va Termiz shahrida chora-tadbirlar rejasi, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman va shahar komissiya a’zolari tarkibi tasdiqlab olindi.

Saylovni yuksak saviyada o‘tkazish va ko‘maklashish uchun 24 nafar a’zodan iborat viloyat ko‘maklashuvchi komissiyasi, 18-27 nafar a’zoni o‘z safiga birlashtirgan tuman, shahar komissiyasi a’zolari, mahallalarda 6 ming 350 nafar a’zodan iborat ishchi guruhlar tuzilib, faoliyat yuritdi. Muhim kampaniyani milliy qonunchiligimizga mos tashkil etishga ko‘maklashish uchun viloyat ko‘maklashuvchi komissiyasi a’zolari tumanlar va Termiz shahriga, tuman, shahar komissiyasi a’zolari mahallalarga mas’ul etib biriktirildi. Saylovni tashkil etishga ko‘maklashuvchi komissiyalar yig‘ilishlarida mahalladagi ishchi guruhlar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilib, ular samarali ishlashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berildi. Saylov o‘tkaziladigan manzil va ob’ektlar joyiga chiqqan holda o‘rganilib, ular ovoz berish kabinalari, qutilar va zarur anjomlar bilan to‘liq ta’minlandi. Saylovga bag‘ishlangan targ‘ibot materiallari mahallalarning aholi gavjum joylaridagi elektron monitorlar, bannerlar, shit va boshqa vositalarga joylashtirildi.

– Joriy yilning 1 may kunidan boshlangan o‘zini o‘zi boshqarish organlari saylovida 1 ming 543 nafar nomzod ishtirok etdi, – deydi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i, fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisi o‘rinbosari Saydulla Abduraimov. – Mahallalardagi aholi vakillari ularning tashkilotchilik qobiliyati va hayotiy tajribasini inobatga olib, hududda obro‘-e’tibor qozongan 641 nomzodga ishonch bildirdi. Ular besh yil muddatga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi.

Tahlillarga ko‘ra, saylovlarda 158 ming 616nafar vakillarning 135 ming 954 nafari yoki 86 foizi ovoz berishda ishtirok etdi. Saylovlarda aholi vakillari 304 nafar amaldagi raislarga katta ishonch bildirdi. 337 nafar raisi birinchi marta saylandi. Ularning 59 nafari xotin-qizlar, 11 nafari mahalliy kengashlar deputatlari, 572 nafari o‘zbek, 5 nafari turkman, 63 nafari tojik va bir nafari boshqa millat vakilidir. Raislarning 619 nafari oliy, 22 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Saylovlarda nomzodlarning dasturi bilan yaqindan tanishgan aholi vakillari 9 nafar 30, 158 nafar 31-40, 238 nafar 41-50, 215 nafar 51-60 yoshgacha va 21 nafar 60 yoshdan oshgan nomzodga katta ishonch bildirdi.
Ayni paytda yangi saylangan raislar mahallalarida odamlarning ijtimoiy muammolarini hal etish, hududlarni obodonlashtirish, xotin-qizlar faolligini oshirish va yosh avlod kamolotiga e’tibor qaratib, ularning tinch, farovon hayotini ta’minlash yo‘lida samarali faoliyatini boshladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri