Janni Infantino: “48 ta jamoali JCH formati o‘zini to‘liq oqladi”
Bizning maqsadimiz — dunyoning barcha mamlakatlariga jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini berish va bu turnirning naqadar muhim ekanini ko‘rsatish.
FIFA prezidenti Janni Infantino jahon chempionatida ishtirokchilar sonini 48 taga oshirish qarori to‘g‘ri bo‘lganini ta’kidlab, kelajakda 64 jamoali format ham muhokama qilinishi mumkinligini aytdi.
"Albatta, 100 foiz to‘g‘ri qaror bo‘ldi. 48 jamoali format ulkan muvaffaqiyatga aylandi. Turnirda qatnashgan barcha terma jamoalar yuqori saviyada o‘yin namoyish etdi.
Har bir qit’a vakillari gol urdi va kamida bitta ochko jamg‘ardi. Afrikaning 10 ta terma jamoasidan 9 tasi pley-offga chiqdi. Avvalgi jahon chempionatida esa bu qit’adan atigi beshta jamoa qatnashgandi.
Bizning maqsadimiz — dunyoning barcha mamlakatlariga jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatini berish va bu turnirning naqadar muhim ekanini ko‘rsatish.
64 ta jamoali format masalasiga kelsak, bu albatta hozirgi jahon chempionati yakunlangach tegishli yig‘ilishlarda ko‘rib chiqiladi va muhokama qilinadi.
Jahon chempionatini tashkil etishda faqat Yevropa yoki Janubiy Amerika manfaatlarini emas, butun dunyo manfaatini hisobga olish kerak. Barcha xalqlarga mundialda ishtirok etish orzusini ro‘yobga chiqarish imkonini berishimiz lozim.
Barchamiz ko‘rdikki, terma jamoalar saviyasi juda yuqori va u butun dunyo bo‘ylab o‘sib bormoqda. Agar kichik mamlakatlar terma jamoalariga jahon chempionatida qatnashish imkoniyati berilmasa, ularda yanada kuchayish uchun motivatsiya ham bo‘lmaydi", — dedi Infantino.