Jannat onalar oyogʻi ostida, matonat oʻzbek ayoli bagʻrida
Ilk qadamlarini yovvoyilarcha turmush kechirish bilan boshlagan kishilik jamiyati bu tor dunyoda yashab qolish uchun nimalar qilmagan deysiz.
Ilk qadamlarini yovvoyilarcha turmush kechirish bilan boshlagan kishilik jamiyati bu tor dunyoda yashab qolish uchun nimalar qilmagan deysiz. Vaqt sayin oldinga intilar ekan, ham oʻzi, ham oʻzgalar bilan kurashgan. Oʻzidan necha marta yirik, kuchli, yirtqich hayvonlarga ham hujum qilishdan toymagan. Ulardan saqlanish yoʻllarini ham izlagan.
Olimlar qoʻlida hozircha bor ashyoviy dalillarga qaraganda, tarixdagi birinchi “rosmana” urush besh yarim ming yillar burun Suriya shimoli-sharqining chekkasidagi Hamuqor shahrida yuz bergan. Rosmana deyishimizga sabab, bu toʻqnashuv ovchilik, termachilik, baliqchilik bilan kunini koʻrib kelayotgan odamlarning ovqat ilinjidagi hujumi (ovi) yoki oʻzi, oʻljasini asrash niyatidagi jon talvasasi emas, balki oldindan pishiq oʻylangan reja boʻyicha bajarilgan ish edi. Kishilik oʻtmishida yuz bergani aniqlashtirilgan oʻn besh mingdan koʻproq urush sanogʻi ham xuddi shu voqeadan boshlanadi.
Urushning yaxshi-yomoni boʻlmaydi. Unga qanday ot berilmasin – oqlangan-oqlanmagan, muqaddas, gʻazavot, salibchilik, vatan, ozodlik, birinchi jahon, ikkinchi jahon... – urush baribir urush boʻlib qolaveradi. Oʻn besh ming marta urush boʻldimi, demak, shuncha marta odamzot bir-birini ayovsiz qirgan. Hammasi boʻlib 3,5 milliard kishining yostigʻi qurigan (koʻz oʻngimizga keltirish uchun: 2020-yil 9-may holatiga koʻra, Xitoy aholisi 1,4 milliardga teng).
Insoniyat urush qurollarini takomillashtirishdan charchamagan. Ilk quroli tosh boʻlgan aqlli inson yildan yil, asrdan asrga uni sayqallab, yana-da mukammal, qirgʻinli, qoʻrqinchli qilishdan toymadi. Shu tariqa, axiyri yadro qurolini kashf etdi, bu bilangina cheklanmay, ikki marta rosmana sinab ham koʻrdi: 255 000 aholisi boʻlgan Xirosimaga tashlangan bomba qirq besh soniya oʻtib portlashi bilanoq 70 000–80 000 kishi oʻsha zahotiyoq jon taslim qilgan, nurlanish kasali tufayli keyingi oylarda vafot etganlarni ham qoʻshib sanaganda, qurbonlar soni 140 000 ga yetgan. Shahar binolarining 90 foizi yo butunlay, yo qisman buzilgan. Nagasakidagi yoʻqotishlar esa 75 000 kishiga teng boʻlgan.
Shu tariqa, kishilik tarixida eng fojiali sanalmish Ikkinchi jahon urushiga nuqta qoʻyilgan. Dunyo koʻlamida olganda, uning domiga oʻsha paytlarda mavjud 73 davlatdan 62 tasi tortilgan (ularda Yer yuzi aholisining 80 foizi yashagan). 110 million kishi qurolli toʻqnashuvlarda qatnashgan. Harbiy va harbiy boʻlmaganlardan kamida 75-80 million odam urush qurboni boʻlgan. Birgina toʻrtta davlatda (SSSR, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya) 652 700 ta samolyot, 286 700 ta tank, oʻziyurar, zirhli mashina, 1 milliondan oshiq zambarak, (Germaniyani sanamaganda) 4,8 milliondan ortiq oʻqsochar (pulemyot), 53 million miltiq, avtomat, shuningdek, son-sanoqsiz boshqa qurol-aslaha ishlab chiqarilgan.
Harbiy xarajat va yoʻqotishlar oʻsha paytdayoq 4 trillion dollarga (hozirgi 57,3 trillion dollarga) chaqilgan (koʻz oʻngimizga keltirish uchun: AQSHning 2019-yildagi yalpi ichki mahsuloti – 21,48 trillion dollar).
“Barbarossa” harbiy rejasi deyarli olti oy (1940-yil dekabridan 1941-yil iyunigacha) obdon pishitilgan – yalpi urushga tayyorgarlik, hujumni boshlash, dushman hududlarini egallab borish, oziq-ovqat, qurol-aslaha, yonilgʻi, kiyim-bosh yetkazib berish va boshqalar. Lekin uning bajarilishi chogʻida qancha odam nobud boʻladi, qancha shaharu qishloqlar buzilib, yoʻq boʻladi, bu haqda oʻylab ham koʻrilmagan.
SSSR Davlat reja qoʻmitasining uch yil burun maxfiyligi olib tashlangan maʼlumotlariga koʻra, 1941-1945-yillarda toʻgʻridan-toʻgʻri urush tufayli 19 milliondan ortiq harbiy, 23 million atrofida fuqaro oʻlgan. Harbiylar va fuqarolar orasidagi umumiy tabiiy yoʻqotish, yaʼni oʻz ajali bilan oʻlish 10,8 millionni, shu jumladan, toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalar 5,76 millionni tashkil qilgan. Boshqacha aytganda, tilga olingan muddatda sovet aholisi yoʻqotgan 52,81 million kishidan 42 milliondan koʻprogʻi urush qurboni boʻlgan.
Mana shunday ulkan, aqlga sigʻmas yoʻqotish, behuda xarajatlarga qaramay, insoniyat urush falsafasidan butunlay qutulolmagan. Bu ham yetmagandek, urushga atalib afsonalar, dostonlar bitilgan, ilmiy, badiiy va sanʼat asarlari yaratilgan. Urushdan yaxshilik qidiradigan taʼlimotlar ham bor. Biroq urush doimo fojia ekanini uqtiruvchi qarash baribir ustundir.
Ushbu maqolani yozishda insoniyat tarixidagi turli urush-talashlar bilan bogʻliq voqealar va ularning keyinchalik tarixchilar, adabiyot va sanʼat ahli tomonidan yoritilishini eplagancha eslab koʻrdik. Yondashuvlarning har qandayi bor, biroq urush va ona mavzusi yarq etganini topolmadik. Svetlana Aleksiyevichning Nobel mukofatiga loyiq koʻrilgan asari ham urushda qatnashgan jangari ayollarga bagʻishlangan.
Endi mana bu hujjatli dalilga qarang: 1945-yil oxirlarida SSSR aholisi orasida 20 dan 29 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlar soni xuddi shu yoshdagi erkaklardan ikki marta koʻp boʻlgan. Shu oʻrinda yuqorida keltirilgan “birgina” son – 42 millionni, jumladan, 538 000 dan ortiq yurtdoshimizni eslab, ularni ham ona tuqqanmidi, savolini oʻrtaga tashlasak. Bundan tashqari, urushga ketib, na oʻligi, na daragi bor 158 000 dan koʻproq vatandoshimizning ham onasi bormidi, deb soʻrasak... Soʻng oʻylasak, koʻz oldimizga keltirsak, oʻrinlariga oʻzimizni qoʻyib koʻrsak.
Oʻshandagina “Matonat madhiyasi” zamiridagi gʻoya va davlatimiz rahbarining quyidagi soʻzlari magʻziga yetib boramiz: “Turmush oʻrtogʻi Xolmat aka vafot etgach, Zulfiya aya yolgʻiz oʻzi besh oʻgʻil, bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ikkinchi jahon urushida Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon, Vahobjon, Yusufjon degan beshta azamat oʻgʻlidan judo boʻlgan. Oʻzingiz oʻylang, aziz doʻstlar, har qanday insonni ham yakson qilib tashlaydigan bunday ogʻir zarbaga chidash mumkinmi? Lekin matonatli, metin irodali oʻzbek onasi bu cheksiz kulfatga bardosh bera oldi. Urush tufayli Zulfiya Zokirovaning toʻrt kelini beva, besh nabirasi yetim boʻlib qoldi. Onaizor umrining oxiriga qadar suv kelsa — simirib, tosh kelsa — kemirib, qahramon oʻgʻillarining aziz xotirasi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, yurtning tashvish va quvonchlari bilan yashadi. Zulfiya ayaning mehr-oqibatli kelinlari ham undan oʻrnak olib, unga madad boʻlib, barchasi oʻz yoriga, oilasiga sodiq qoldi — boshqa turmush qurmadi”.
Onasini yoʻqotgan farzandlar otasining oldidan uni uylantirib qoʻyish borasida bir sidra oʻtishlari farz sanaladi. Biroq otasidan ayrilganda, boshqasini qoʻya turaylik, onasining biror yerga borishini nazorat qiladigan oʻgʻillar ham yoʻq emas. Bu bilan asriy anʼanalarimizni buzishni taklif etmoqchi emasmiz. Aslo! Negaki mazkur yozilmagan qoidani ham, aslida, oʻlim toʻshagida yotgan, oʻzidan keyin cholining issiq-sovugʻi borasida qaygʻurgan, hech kimga xor boʻlishini istamagan oʻzbek ayolining oʻzi kiritganiga bizda hech bir shubha yoʻq. Xuddi shuningdek, Zulfiya aya kelinlarini yangi turmush qurishga undagani, ammo ular koʻnmaganlari borasida ham ikkilanmaymiz.
Mana shunday ayollarni jannati deydilar. Shu maʼnoda, barchamizga yod boʻlib ketgan “jannat onalar oyogʻi ostida” hadisini odatdagidan oʻzgacharoq anglashga urinib koʻrsak. Oldiniga yuz bergan voqeani toʻligʻicha eslasak: gʻazotga borish niyatda boʻlgan musulmon yigit rasululloh qoshiga kelib, bu borada maslahat soʻraganida, ul zot, onangiz bormi, deb soʻraganlarida, ha, javobi yangragan. Shunda paygʻambarimiz, siz, oʻgʻlim, onangizning xizmatini gʻanimat biling, chunki jannat uning oyogʻi ostidadir, degan ekanlar.
Mazkur hadisdan muddao, “jannatga kirish uchun gʻazot qilish shart emas, onaning xizmatida boʻlishning oʻzi jannat eshiklarini ochib beradi”, degan fikrni musulmonlar ongiga singdirishdir, albatta. Ikkinchi jahon urushi boshlanib avj olayotgan yillarda oʻzbek ayolida ham, uning oʻgʻlida ham tanlash, kimningdir huzuriga borib kengashib ish tutish, najot topishning imkoni yoʻq edi. Buning nimaligini yolgʻiz oʻgʻilning urushga ketishi, u yerda boʻlishi, qaytishi onlarini oʻz boshidan oʻtkazgan inson sifatida biz yaxshi bilamiz. El-yurt, millat-oila himoyasini istisno qilganda, hech kim oʻz xohishi bilan urushga borishni istagan emas, istamaydi ham. Biroq ketishga toʻgʻri keldimi, ketganga oson, qolganlarga qiyin boʻladi. Qolish barchaga ogʻir kechadi. Eng ogʻiri esa onaga! Negaki u bir vaqtning oʻzida ham ketgandan xavotirda yuradi, ham qolganlarni tinchlantirish, tushkunlikka tushirmaslik, ularga umid va ishonch bagʻishlash – hayotni toʻxtatmaslik masʼuliyati bilan kun sanaydi.
Toʻrt kelin – qisqa umrlarining chuchugidan koʻra achchigʻini rosa totib boʻlganlar, onasining etagidan qattiq tutib olgan bolakay, ikki qoʻldagi ikki bola, yana biri beshikda-yu, boshqa biri onasining qornida – miri kam bu dunyoning qahri, bedodliklaridan butunlay bexabarlardan oldinda qoʻlini bagʻriga bosib, chindan ham suv kelsa simirishga, tosh kelsa kemirishga tayyor Zulfiya aya “mana men borman-ku”, deyayotgandek. Eng asosiysi, Prezidentimiz alohida urgʻu berganidek, bu qandaydir bir toʻqima siymo emas, “balki hayotimizda chindan ham boʻlgan tarixiy voqea – moʻtabar bir inson va uning oilasi toʻgʻrisidagi haqiqat”dir. Haqiqat boʻlganda ham butun olamga tatiydigan, oʻzbek ayolining bagʻridagi matonatni isbotlab qoʻyadigan haqiqatdir.
Azamat ZIYO,
tarix fanlari doktori, professor
Manba: «Yangi Oʻzbekiston» gazetasi