Jangchi-faxriylarga qanday imtiyozlar kerak?
Afgʻon urushi qatnashchilari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davr nafasi
Afgʻon urushi qatnashchilari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2366 nafar Afgʻon urushi qatnashchisi boʻlib, shundan 89 nafari urush davrida halok boʻlgan. Boʻlimimiz tomonidan oʻtgan yillar mobaynida vafot etgan askarlarning oila aʼzolarini, barcha qatnashchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda qator chora-tadbirlar olib borildi.
Jumladan, Oʻzbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimiga 2019-yil davomida asosan salomatlikni tiklash, guvohnomalar tayyorlab berish, ijtimoiy yordam koʻrsatish va boshqa masalalarda 200 dan ziyod murojaat kelib tushgan boʻlsa, shundan deyarli barchasi ijobiy hal etildi. Nukus shahar harbiy prokuraturasining tashabbusi bilan oʻtgan yili Afgʻon urushi qatnashchilari chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
Shuningdek, boʻlimimizning “Men oʻz Vatanimni sevaman, uning tarixi bilan, tinchlik va osoyishtalik himoyachisi boʻlgan Qurolli Kuchlari bilan faxrlanaman” loyihasi 2016-yilda hamda “Mehnatsevar oilam” mavzusidagi loyihasi 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvatlash jamoat fondi tomonidan eʼlon qilingan Davlat grantlari tanlovida gʻolib boʻldi.
Albatta, bugungi kunda Afgʻon urushi qatnashchilari hayotida ham ayrim muammolar uchrab turadi. Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbari tomonidan parlamentga yoʻllanadigan Murojaatnomadan hamda joriy yilning qanday nomlanishidan jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi aʼzolari ham katta oʻzgarishlar kutmoqda.
Bugungi kunda Afgʻon urushi qatnashchilarining aksariyatidan salomatliklarini tiklash talab etiladi. Ularga hukumatimiz tomonidan imtiyozlar belgilangan. Ammo, bu yetarli emas. Shuning uchun ham, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻlikni saqlash vazirligi tomonidan ularga alohida imtiyoz belgilansa maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-martdagi “2003-yil 1-aprelidan boshlab uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha beriladigan imtiyozlar oʻrniga kompensatsiya pul toʻlovlarini joriy etish toʻgʻrisida”gi farmoni asosida uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovlari summasi jismoniy shaxslarning jami daromadiga qoʻshilishi hamda ish haqi (pensiyalar) toʻlanadigan muddatlarda toʻlanishi belgilab qoʻyilgan. Bugungi kunda Afgʻon urushi qatnashchilarining aksariyati ishsiz, nogironligi boʻlgan shaxslar hisoblanadi. Shuning uchun, mana shu imtiyoz ularga ham qoʻllanilsa, katta yordam boʻlar edi. Shuningdek, ogʻir mehnat turlari bilan shugʻullanadigan jangchi-fahriylarga imtiyozli pensiyaga chiqish belgilansa, degan taklifimiz bor.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-yanvardagi farmoyishi bilan Oʻzbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil etilganining 25 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Toshkent shahridagi Xotira maydonida Motamsaro ona haykali qoshida Esdalik kitobi oʻrnatilib, unga Afgʻon urushida halok boʻlgan 1545 nafar hamyurtimizning ismi-sharifi kiritildi. Mana shunday Esdalik kitobi Nukus shahridagi Motamsaro ona haykali qoshida ham oʻrnatilsa maqsadga muvofiq boʻlar edi. Bu birinchidan halok boʻlgan hamyurtlarimiz xotirasiga hurmat boʻlsa, ikkinchidan oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanparvarlik, milliy gʻurur va iftixor ruhida tarbiyalashga, bugungi tinch va ozod hayot qadrini yanada chuqurroq his qilishga xizmat qiladi.
Bobur TADJIMOV,
Oʻzbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari
Birlashmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi Kengashi raisi