Jamoat xavfsizligini ta’minlash — muhim masala
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan “Milliy gvardiya organlari tomonidan jamoat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda deputatlar, Jamoat xavfsizligi universiteti o‘qituvchi va kursantlari ishtirok etdi.
— Mamlakatimizda jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi qo‘mita raisi E.Salixov. — Buning natijasida Milliy gvardiya organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi o‘rni va roli mustahkamlanib bormoqda. 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo‘naltirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish ustuvor maqsadlar sifatida belgilangan. Bu boradagi maqsad-vazifalar sohadagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning harbiy xizmatni o‘tash tartibini, shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni saralash va tanlab olish tizimini yanada takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Davra suhbati ishtirokchilariga Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida harbiy xizmatni o‘tash tizimini shakllantirish va uning nufuzini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Bundan tashqari, deputatlar Milliy gvardiya organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi o‘rni va roli, amalga oshirilgan islohotlar natijasida jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida ro‘y bergan o‘zgarishlar haqida universitet o‘qituvchi va kursantlari bilan fikr almashdi, ularning taklif va mulohazalarini tingladi.
Davra suhbatidan so‘ng Jamoat xavfsizligi universiteti o‘qituvchi va kursantlari Qonunchilik palatasining muzeyi hamda kutubxona faoliyati bilan ham tanishdi.
M.Komilova,
O‘zA