Jamoaga yana qaytgan murabbiyning qadami qutlug‘ keladimi?
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati navbatdagi tur arafasida Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasida muhim kadrlar o‘zgarishi ro‘y berdi — bosh murabbiy Ivan Boshkovich bilan hamkorlik yakunlandi. Klub ma’lumotiga ko‘ra, mehnat shartnomasi o‘zaro kelishuv asosida bekor qilingan.

Qayd etish joiz, chernogoriyalik mutaxassis faoliyati davomida jamoa o‘yinida barqarorlik ta’minlanmadi. Ayniqsa, joriy mavsumdagi natijalar kutilgan darajada bo‘lmagani rahbariyatni keskin qaror qabul qilishga undadi. Zero, Superligada har bir ochko turnir jadvalidagi o‘rinni belgilayotgan bir paytda, kechiktirishga o‘rin yo‘q edi.

Vaziyatdan chiqish yo‘li sifatida klub sinovdan o‘tgan variantga murojaat qildi — jamoa muxlislariga yaxshi tanish mutaxassis Ulug‘bek Baqoyev yana “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. U avvalgi faoliyati davomida jamoani O‘zbekiston chempionatida vitse-chempionlikka olib chiqqan, shuningdek, OFK Kubogida chorak finalgacha yetib borgan edi. Bu natijalar hozirgacha klub tarixidagi eng yuqori yutuqlar sifatida e’tirof etiladi.

Biroq bugungi “So‘g‘diyona” kechagi jamoa emas. Tarkibda yangilanishlar ko‘p, raqobat esa ancha kuchaygan. Shu bois Ulug‘bekning jamoaga qaytishi muxlislarda umid uyg‘otgani bilan birga, tabiiy savolni ham kun tartibiga chiqarmoqda: u jamoani yana yuqori cho‘qqilarga olib chiqa oladimi?

FIFA kunlaridan keyin Superliganing 5-tur uchrashuvlari 2-aprel kuni start oladi. Jizzaxliklar o‘z maydoni ta’mirlanayotgani sababli Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik” stadionida “Qo‘qon-1912”ga qarshi bahs olib boradi. Bu o‘yin nafaqat turning ilk uchrashuvi, balki yangi murabbiy uchun ilk jiddiy sinov bo‘ladi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, murabbiy almashinuvi qisqa muddatda jamoaga ruhiy turtki berishi mumkin. Ammo barqaror natijaga erishish — uzoq va tizimli mehnat samarasidir. Shu ma’noda, “So‘g‘diyona” oldida turgan asosiy vazifa — imkoniyatni natijaga aylantirishdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri