Jamiyat yana bir og‘ufurushdan tozalandi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Qo‘qon – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan, Toshkent shahrida yashovchi 1995 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Voyah” rusumli avtomashina Namangan viloyati Pop tumanidagi “Namangan” YPX maskanida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirildi.
Natijada, avtomashina salonidagi o‘rindiq ostida qora rangli sellofan paket ichida sof og‘irligi 1 kg 178 gr “gashish” moddasi va 8 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Ma’lum bo‘lishicha, u ajal og‘usini poytaxtdagi mijozlarga sotish maqsadida olib ketayotgan bo‘lgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlarga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.