Jahon bozoriga keng yo‘l
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Abdurahmon-Abdug‘affor-Davr” fermer xo‘jaligi sohibkorlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga erishmoqda.
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi “Abdurahmon-Abdug‘affor-Davr” fermer xo‘jaligi sohibkorlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga erishmoqda.O‘tgan yili uzumning husayni, rizamat kabi navlaridan olingan hosilning 600 tonnasi, karam va lavlagining uch yuz tonna ertagi hosili, ikki yuz tonnadan ortiq qovun Latviya, Qozog‘iston, Rossiya davlatlariga eksport qilindi. Joriy yilda eksport hududi va hajmini yanada kengaytirish mo‘ljallanmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida eksport uchun qulay sharoit, keng imkoniyat yaratilgan, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Abdug‘affor Ahmedov. – Eksportchi fermerga aylanishimiz, xorijiy bozorda xaridor topishimiz va shartnomalar imzolashimizda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki huzurida tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ko‘magi katta bo‘lmoqda.
– Tadbirkorlar bizga murojaat qilib, o‘zlari ishlab chiqarayotgan mahsulot, uning yillik miqdori, xorijiy valyutadagi narxi, rasmi, turini ko‘rsatadi, – deydi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Kamoliddin Nurmatov. – Biz ushbu ma’lumotlar asosida hamkorlik o‘rnatilgan saksonga yaqin xorijiy tashkilot va savdo maslahatchilariga tegishli tijorat takliflarini jo‘natamiz. Tashqi bozorda xaridor topilgach, mahsulot namunalari yuboriladi. Eksport bilan bog‘liq marketing tadqiqotlari olib borish, muzokaralarni boshlash, shartnomalar tuzish, hisob-kitob qilish, bojxona ro‘yxatidan o‘tkazish va yukni jo‘natish kabi barcha jarayonda tadbirkorlarga yaqindan yordam beriladi.
Eksport amaliyotida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari muhim o‘rinni egallamoqda. Jamg‘arma eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish, fermerlarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rmoqda. Jamg‘arma meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan tumanlarda tashkil etilgan oltmishga yaqin agrofirmaga ta’sischi bo‘lib kirdi. Mazkur agrofirmalar tomonidan eksport shartnomalari tuzilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun yangi bozorlar o‘zlashtirildi. Janubiy Koreyaga gilos, qovun, Yaponiyaga qovun, Hindiston va Pokistonga mosh eksport qilinmoqda. Tashqi bozorda o‘rik va anor sharbati, xurmo, anor va olmaning bir necha navlariga ham talab yuqori.
Prezidentimiz mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida jahon miqyosida savdo-sotiq ishlari sur’ati sezilarli darajada sustlashgani, eksport qilinadigan eng muhim tovarlarga nisbatan tashqi talabning kamayishi va narxlarning pasayishiga qaramasdan O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida ijobiy saldoga erishganini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi islohotlar samarasida so‘nggi uch yilda tashqi bozorga yo‘naltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan ziyod oshdi. Bugungi kunda mamlakatimiz saksondan ortiq davlatga 180 turdan ortiq meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlarni eksport qilayotir.
– Har bir davlatning eksport mahsulotiga qo‘yadigan o‘z talablari bor, – deydi K.Nurmatov. – Misol uchun, hozir tadbirkorlarimiz Yevropa davlatlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirishga intilmoqda. Bu davlatlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Hududga kirayotgan har bir mahsulot tanlov asosida tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining jahon bozoriga chiqishi, ular tayyorlayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida xalqaro standartlar asosida sifat menejmenti tizimi joriy etilmoqda. O‘tgan yili 27 ishlab chiqarish korxonasida xalqaro ISO standarti bo‘yicha sifat boshqaruvi tizimi joriy qilindi.
Joriy yilda jamg‘arma 26 turdagi yangi mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yishni mo‘ljallagan. Jamg‘arma va uning hududiy filiallari 2019-yilning 1-yanvariga qadar yagona ijtimoiy to‘lovdan boshqa barcha turdagi soliqlar, yig‘imlar, boj hamda davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalar to‘lashdan ozod qilingan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tovarlar va xizmatlarni oldindan haq to‘lamasdan, akkreditiv ochmasdan xorijiy valyutaga eksport qilish huquqiga ega. Bularning barchasi iqtisodiyotimiz barqarorligi, turmushimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi.