Jamal Musiala o'yin vaqtida hushini yo‘qotdi
Tibbiyot xodimlari futbolchiga bir necha daqiqa davomida yordam ko‘rsatishdi.
«Bavariya» yarim himoyachisi Jamal Musiala «RB Leypsig»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida issiq tufayli o‘zini yomon his qilib, qisqa vaqtga hushini yo‘qotdi. 15-avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuv myunxenliklarning 3:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Vaziyat uchrashuvning 83-daqiqasida, 23 yoshli futbolchi gol urganidan ko‘p o‘tmay yuz berdi. Jamoadoshi Ismael Saybari Musialaning ahvoli yomonlashganini vaqtida payqab, uni yiqilib ketishidan oldin ushlab qoldi.
Tibbiyot xodimlari futbolchiga bir necha daqiqa davomida yordam ko‘rsatishdi. Shundan so‘ng Musiala maydonni mustaqil ravishda tark etdi va uning o‘rniga Bara Ndiaye tushdi.
Germaniya OAVlari xabariga ko‘ra, dastlabki tibbiy ko‘rik natijalarida futbolchining sog‘lig‘ida jiddiy muammo aniqlanmagan. Musiala yaqin kunlarda dam olib, tiklanadi.
Qayd etish joiz, Saybari uchun bunday vaziyat ilk bor emas. U 2017-yilda «Ayaks» va «Verder» o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida Abdelhak Nurining yuragi to‘xtab qolgan voqeaga ham guvoh bo‘lgan.