Jahon xalq og‘zaki ijodining eng sara navolari Boysunda jaranglaydi
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli festival o‘tayotgan Bibishirin mahallasidagi turizm majmuasi bayramona bezatilgan. Boysunning bahoriy va ruhiy go‘zalligini jamlagan majmuaga qadimiy o‘tovlar, vohaning moddiy va nomoddiy madaniy merosini aks ettirgan ko‘rgazmalar o‘zgacha fayz ulashmoqda. Ishtirokchi davlatlar bayroqlari majmua uzra mayin hilpirab, ajdodlardan meros qolgan folklor san’atini, umumbashariy qadriyatlaru, do‘stlik, hamjihatlik, tinch, to‘kin hayot va sadoqat kuylarini Boysunning do‘mbirayu, sibizg‘asida ohista chalayotgandek his-tuyg‘u uyg‘otadi.

Maftunkor bahor shabadasiyu, mayin yomg‘iri, turli giyohlarning xushbo‘y iforidan sarxush Boysun beixtiyor dunyoning turli davlatlari va mamlakatimiz hududlaridan kelgan mehmonlar hayratini oshiradi, ko‘ngillarni yayratadi. Qadim-qadimda muste madaniyatiga mansub neandertal odamlar yashagan Boysuntog‘ tizmalari uzoq o‘tmishda bu go‘shada umrguzaronlik qilgan insonlar aql-zakovati bilan yaratilgan nomoddiy madaniy meros haqida qiziqarli hikoyalarni so‘zlayotgandek tuyuladi.
Osmono‘par tog‘ qo‘yniga oqshom cho‘ka boshladi. Majmuada festivalning ochilish marosimini hayajon bilan kutayotgan ko‘p ming sonli xalq og‘zaki ijodi muxlislarini bir joyda jamlagan amfiteatr uzra nur taratgan quyosh ohista siljib, Boysuntog‘ cho‘qqilariga zarrin shafaq yoymoqda. Tantanali marosim boshlandi. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov festival ishtirokchilarini tabrikladi. Xalqaro festival ochiq, deb e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangradi.

Marosimda qayd etildiki, “Boysun bahori” festivalining bugungi darajaga yetishi, uning xalqaro miqyosda keng nishonlanayotgani, eng avvalo, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning madaniyat, san’at va milliy merosni asrab-avaylab, rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tibor samarasi, festival esa asrlar davomida shakllangan madaniy muhit va xalqimiz ruhiy boyligining amaldagi ifodasidir. Ana shu noyob madaniy muhit 2001-yil YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi durdonasi sifatida e’tirof etilib, 2002-yil festivalga asos solingan. Bunday e’tiroflar xalqimizning qadimdan shakllangan milliy madaniyatiga berilgan yuksak bahodir. Boysunning noyob qirralarini ochadigan yana bir jihat uning tabiati ortida yashiringan buyuk tarixi, o‘lmas an’analaridir. Jumladan, bu zamindagi Teshiktosh g‘ori insoniyat sivilizatsiyasining ilk bosqichlaridan darak beruvchi nodir makonlardan biri sanaladi.
Ayni paytda tumanda 50 dan ortiq yodgorlik ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning aksariyatida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar Boysunning ahamiyatini yanada chuqur ochib bermoqda. Masalan, Boxtar va So‘g‘d chegara devori – Uzundara, Qo‘rg‘onzol qal’alari, Darband devori ham qadimiy go‘shada joylashgan.

Uzundara qal’asi mamlakatimizdagina emas, butun Markaziy Osiyo tarixida alohida o‘rin tutadigan noyob yodgorlik bo‘lib, tarixi miloddan avvalgi davrlarga borib taqaladi. Ellin sivilizatsiyasining shu yerlarga yetib kelganidan darak beradi. Buyuk Ipak yo‘lining muhim tarmoqlaridan biri Boysun orqali o‘tgani ham qadimiy go‘shaning milliy va jahon tamadduni tarixida muhim manzil bo‘lganini anglatadi. Teshiktosh g‘ori insoniyat madaniyatining o‘tmishdagi qadimgi o‘chog‘i, ming yillar avval yaratilgan “Alpomish” dostoni xalq og‘zaki ijodining noyob durdonasi sifatida ardoqlanadi. Shu bois bo‘lsa kerak olimlar Boysunga ochiq osmon ostidagi tirik tarix, deya ta’rif beradi.
– “Boysun bahori” shunchaki xalqaro bayram emas, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Hafizov. – Bu festival baxshilar doston aytadigan, xalq laparlari, kuylari yangrab, milliy o‘yinlar jonlanadigan, millatlar do‘stlashib, umumbashariy qadriyatlar bo‘y ko‘rsatadigan shodiyona, qadimiy vohaning noyob turistik ob’ektlarini tomosha qilib, zavq olish uchun qulay imkoniyatdir. Majmuada viloyat tumanlari va Termiz shahrining o‘tmishdagi hayoti, hozirgi ozod va obod turmushi ifodalangan etnografik shaharchalar ham mehmonlarning qadimiy voha haqidagi tasavvurlarini boyitadi.

Qadimgi lapar va navolarini kuylash uchun kelgan xorijlik san’atkorlarga ilhom bag‘ishlaydi. Ajdodlarimiz qalb qo‘rida asrab, rivojlantirib kelgan nafis folklor san’atimiz va etnomadaniyatimizga havas uyg‘otadi.
Milliy va umumbashariy o‘zlikni tarannum etib, sayyoramiz xalqlarini qadim qadriyatlarni ulug‘lashdek yagona ezgu maqsad yo‘lida birlashtiradigan festivalda Belgiya, Gretsiya, Vengriya, Yaponiya, Ozarbayjon, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi 30 dan ortiq mamlakatdan faxriy mehmonlar, elchilar, xorijiy vakolatxonalar vakillari ishtirok etmoqda. Festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovida o‘z iste’dodini namoyish etish uchun turli davlatlardan kelgan folklor, milliy xalq o‘yinlari, tomosha san’ati ijrochilari qatnashmoqda.
– Festivalga birinchi marta kelishimiz, – deydi Pokistonning “Shame-Mastana Bazm Boys” ansambli direktori Safey Deman. – Surxondaryo, shu jumladan, qadimiy Boysun bizga juda manzur bo‘ldi. Tog‘lar qo‘ynidagi go‘shaning go‘zal va maftunkorligi qishlog‘imni eslatdi. Festival doirasida bo‘lib o‘tadigan xalqaro tanlovda yurtimizning eng qadimiy musiqalarini ijro etib, folklor shinavandalariga quvonch ulashish uchun kelganmiz. O‘ylaymizki, nafis jaranglaydigan navomiz barchaga manzur bo‘ladi.
Festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovida 16 ta mahalliy va 18 ta xorijlik jamoa hamda yakkaxon xonanda o‘z san’atini namoyish etadi. Ular safida Buyuk Britaniya, Ozarbayjon, Yaponiya, Slavakiya, Gretsiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning folklor san’ati ustalari bor. Qatnashchilar ijro etgan kuy-qo‘shiqlarni xalqaro hakamlar hay’ati festival nizomi mezonlari asosida baholab boradi.
Xalqaro ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlari maxsus diplom, statuetka, esdalik sovg‘alari, pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Tantanali tadbirda katta konsert dasturi namoyish etildi. Marosim Boysun osmonida dron-shou, lazer-shou va rang-barang tovlanuvchi mushakbozlik bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov O‘zA muxbirlari