Jahon uzra yangrayversin bolajonlar kulgusi
Yangi yil bayramini hammadan ko‘ra bolajonlar intiq kutishadi, bir-biridan ajoyib sovg‘alar, archa atrofidagi shodiyonalar ularni behad mamnun etadi. Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida bo‘lib o‘tgan “Prezident archasi” tantanasi ham ularga bir olam quvonch ulashdi.
Tadbirga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari taklif etildi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov barcha bolajonlarni Yangi yil bayrami bilan tabrikladi. 650 nafar bolalarga Prezident sovg‘alari topshirildi.
Milliy gvardiya xodimi Oysanam Berdaliyeva va turmush o‘rtog‘i Qo‘qon shahridagi Mehribonlik uyidan 5 nafar tarbiyalanuvchini otaliqqa olib, oilaviy bolalar uyi tashkil etdi. Bu yerni haqiqiy mehr maskani deyish mumkin. “Prezident archasi”ga kelgan bu bolajonlarning quvonchi cheksiz.
–Bizni doimo yo‘qlab turadigan Prezidentimizga rahmat, – deydi Roza Hoshimova. – Bugun o‘z oilamizda ulg‘aymoqdamiz. Bu tadbir bizga juda yoqdi.

M. Sulaymonov,
M. Qodirov (surat), O‘zA