Jahon urushi ehtimoli mavjudligi ta’kidlandi
Yaqin o‘n yillikda jahon urushi boshlanishi mumkin, Birlashgan Qirollik shunga tayyorgarlik ko‘rishi kerak, deb yozgan jurnalist Jonatan Soksti mahalliy “Express” nashrida chiqqan maqolasida.
– Kelgusi o‘n yil ichida jahon urushi bo‘ladi, shuning uchun tayyorgarlik ko‘rish vaqti allaqachon kelgan, – deydi Soksti. – Qo‘shinni qayta tiklash, texnika, texnologiya va boshqa resurslarga sarmoya kiritish kerak. Global qurolli qarama-qarshilikka aylanib ketishi mumkin bo‘lgan bir necha mojaro mavjud. Maqolada batafsil keltirilganidek, uch qaynoq nuqta “sayyorani alanga ichida qoldirishi” mumkin: Rossiya – Ukraina ziddiyati, Isroil va Falastin o‘rtasidagi qurolli qarama-qarshilik hamda Xitoy va AQSH o‘rtasidagi Tayvan bo‘yicha tortishuv.
– Biz uzoq vaqt tinchlik sharoitiga ko‘nikib yashadik, endi umuman urush bo‘lmaydi, deb o‘zimizni aldayapmiz, – deya xulosa qilgan muallif.