“Jahon Media kongressi” kun tartibi belgilandi
Hamkorlarimiz sahifalarida
BAA Bosh vaziri o‘rinbosari va Prezident sudi vaziri shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon boshchiligida jahon ommaviy axborot vositalari kongressi Oliy qo‘mitasi birinchi sessiyasi konferensiyasi kun tartibini e’lon qildi.
Ushbu anjumanda 30 ta muloqot sessiyasi tashkil etilib, 40 nafar taniqli xalqaro ma’ruzachi va mutaxassis ishtirok etadi. Bu haqda “WAM” ma’lum qildi.
“Jahon Media kongressi” 15-17 noyabr kunlari Abu-Dabi Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi (ADNEC) va Amirliklar axborot agentligi hamkorligida media sektoridagi so‘nggi ishlanmalar va kelgusi istiqbolni o‘rganish maqsadini ko‘zlagan.
Tadbir ko‘plab media tashkilotlariga mediani rivojlantirish, sohada uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash hamda ishonchli va foydali kontent namoyish etishda davom etadigan hamkorlik imkoniyatini muhokama qilish uchun noyob maydon taqdim etadi.
Birinchi sessiyada dunyoning turli mamlakatlaridan media ekspertlari amaliy tadqiqotlari, zamonaviy g‘oya va rejalarini taqdim etadi. Shuningdek, raqamli aloqa, sun’iy intellekt, ilg‘or texnologiya va innovatsiyalar aspekti namoyishi orqali media sektori rivojini tezlashtirish mavzusiga alohida e’tibor qaratiladi.
Umuman, anjumanning ilk kuniga “Media sektori salohiyati”, “Kelajakning ustuvor yo‘nalishi. Raqamli media kelajak sarmoyasi uchun ideal muhitni ta’minlaydimi?”, “Metaversega sarmoya kiritish. Media kompaniyalari qanday foyda ko‘radi?” va “Investitsiyalardan kutilayotgan daromad qanday?" mavzular belgilangan.
Ikkinchi kun tartibiga “Tahlil markazlari va fikrning media-kontentga ta’siri”, “Ijtimoiy media saytlari, mintaqadagi iste’mol tendensiyasini o‘rganish hamda sohaning media landshaftida kvant sakrashidagi roli” va “Ijtimoiy media. Media sektori xususiyatini o‘zgartirishda qisqa videokliplarning roli” kiritilgan.
Kongressning oxirgi kuni "Raqamli asrda xilma-xillik va inklyuziya... media sektoridagi ayollar", "Iste’molchining psixologik jihati... ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda eng ommabop va kutilayotgan tendensiyalar" va " To‘rtinchi sanoat inqilobi va keyingi davrga hamqadam bo‘lish uchun ko‘nikmadagi bo‘shliqni bartaraf etish” mavzularida suhbatlar uyushtiriladi.
“Jahon Media kongressi” Oliy qo‘mitasi raisi Muhammad Jalol Ar-Rayssiy konferensiyas barcha ishtirokchilar, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarini taqdim etishga intilayotganlar uchun noyob imkoniyat ekanini ta’kidladi. Anjuman bugungi media-sahna tendensiyasi, sohaning istiqboli haqida chuqurroq tushunchaga ega bo‘lish, shuningdek, turfa xil jamiyatda barqaror rivojlanishga qaratilgan sa’y-harakatni qo‘llab-quvvatlovchi rivojlanayotgan kompaniyalarga media bozoriga kirish imkonini beradi, media va innovatsion texnologiyalar sohalarida hamkorlik imkoniyatini kengaytiradi.
O‘z navbatida, Abu-Dabi Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi va tuzilma kompaniyalar guruhi boshqaruvchi direktori Xumaid Matar Ad-Daheriy ushbu global tadbir bugungi hayotiy va muhim talablarga mos kelishiga urg‘u berdi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon Media kongressida 150 dan ziyod ixtisoslashgan kompaniyalar ishtiroki kutilyapti.
Muharrama Pirmatova, O‘zA