Jahon kubogi: Feruza Kazakova ishonchli g‘alaba bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi
Feruza Kazakova Xitoyda o‘tayotgan boks bo‘yicha jahon kubogini ishonchli g‘alaba bilan boshladi. Hamyurtimiz germaniyalik Maxi Klotzerni yirik hisobda mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Xitoyning Guiyang shahrida boks bo‘yicha o‘tayotgan “World Boxing” tashkiloti kubogining navbatdagi kun bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasidan faqat bir nafar sportchi ringga ko‘tarildi.
-51 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Feruza Kazakova musobaqadagi ishtirokini germaniyalik Maxi Klotzerga qarshi jang bilan boshladi. Bellashuv davomida ustunlikni o‘z qo‘lida ushlab turgan hamyurtimiz raqibini 5:0 hisobida mag‘lub etib, keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlash joiz, Kazakova va Klotzer joriy yilda uchinchi bor o‘zaro to‘qnash kelmoqda. Bunga qadar Bolgariyada o‘tkazilgan nufuzli “Stranja” turnirida Feruza g‘alaba qozongan bo‘lsa, Braziliyadagi jahon kubogida nemis bokschisi ustun kelgan edi.
Shuningdek, kecha musobaqada ishtirok etgan yana ikki nafar vakilimizning janglari ham yakunlandi. -55 kilogramm vazn toifasida ringga chiqqan Samandar Olimov ozarbayjonlik Amin Mammadzadaga qarshi bahs olib bordi. Murosasiz kechgan jangda hamyurtimiz 1:4 hisobida imkoniyatni boy berdi.
-80 kilogramm vazn toifasida Javohir Ummataliyev esa musobaqadagi ilk jangini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Qur’a natijasiga ko‘ra, u dastlabki bosqichdayoq Qozog‘iston vakili Sabirjan Akkalikovga qarshi ringga ko‘tarildi. Keskin va shiddatli kechgan bellashuvda Ummataliyev 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA