Jahon futboli afsonalari – Toshkentda
Bugun, 26 avgust kuni poytaxtimizdagi “Humo Arena” sport majmuasida BMB - "Oil Star" futzal jamoalari o‘rtasida o‘tadigan O‘zbekiston superkubogi final uchrashuvi va uning doirasida tashkil etiladigan sport tadbirlarida ishtirok etadigan xorijlik futbol afsonalari O‘zbekistonga yetib keldi.
Toshkentga kelgan “Real” (Madrid) afsonasi, jahon chempioni Roberto Karlos, UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi Frank Riberi, jahon chempioni, ikki karra UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi Dida, jahon chempioni va UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi Marko Materatssi, jahon chempioni, “Oltin to‘p” sohibi Fabio Kannavaro, jahon chempioni Kristian Dzakkardo, Fransiya, Ispaniya, Angliya chempioni, UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi Klod Makalele, ikki karra UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi Serjino, UEFA Chempionlar ligasi g‘olibi, to‘rt karra Italiya chempioni Maykon va Yevropa vitse-chempioni Kevin Kuranini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosarlari Ravshan Ermatov, Odil Ahmedov, ko‘plab futbol ishqibozlari tantanali kutib olishdi.



Eslatib o‘tamiz, yurtimizga kelgan dunyo futboli afsonalari bugun “Humo Arena” sport majmuasida BMB - "Oil Star" futzal jamoalari o‘rtasidagi final o‘yinini kuzatib borishsa, ertaga “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonida O‘zbekiston va jahon futboli afsonalari o‘rtasida o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvida o‘z mahoratlarini namoyish etishadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA