Jahon chempionatining blits bahslarida shaxmatchilarimiz bronza medalini qo‘lga kiritdi
Gonkongda shaxmatning rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionati mamlakatimiz shaxmatchilari uchun har jihatdan muvaffaqiyatli bo‘ldi.
12 ta turdan iborat rapid musobaqalarida 48 ta jamoa orasida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov yetakchiligidagi “O‘zbekiston” jamoasi, shuningdek tarkibidan mahoratli yosh shaxmatchilarimiz Gulruhbegim Tohirjonova va Muhammadzohid Suyarov joy olgan “Sky Chess” jamoasi Magnus Karlsen, Arjun Erigaisi, Uesli So, Alireza Firuzja, Fabiano Karuana, Richard Rapport singari dunyoning eng kuchli grossmeysterlari bilan bahs olib bordi.

Shiddatli kechgan kurashlar sarhisobiga ko‘ra, rapid yo‘nalishida 15 ochko jamg‘argan “O‘zbekiston” jamoasi qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 48 ta jamoa orasida 7-o‘rinni, Gulruhbegim Tohirjonova va Muhammadzohid Suyarov dona surgan “Sky Chess” jamoasi ushbu yo‘nalishda 14 ochko bilan 13-pog‘onani egalladi.
Jahon chempionatining blits yo‘nalishidagi musobaqalar ham yurtdoshlarimiz uchun har jihatdan muvaffaqiyatli va omadli kechdi.
Blits bahslarining “S” guruhidan joy olgan “O‘zbekiston” jamoasi guruh bosqichida munosib o‘yin namoyish etib, turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab, keyingi bosqichga yo‘l oldi.
Jahon chempionatining 1/8 finalida Ozarbayjonning “Odlar Yurdu” jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etgan shaxmatchilarimiz 1/4 finalda Magnus Karlsen sardorligidagi “WR Chess” jamoasini 3.5:2.5 ko‘rinishida yengdi.

Yarim finalda Din Lijen sardorligidagi “Dragon Chilling” jamoasi bilan ro‘baro‘ keldi. Teng kurashlar ostida o‘tgan bahs tay-brekkacha yetib bordi. Hal qiluvchi o‘yinda Xitoy jamoasi final yo‘llanmasiga ega chiqqan vaziyatda hamyurtlarimiz bronza medallari uchun kurashadigan bo‘ldi.
Jahon chempionati blits musobaqalarining bronza medali yo‘lidagi bahsda Alireza Feruzja, Levon Aronyan, Anish Giri, Volodar Murzin kabi mahoratlilarni jamlagan “Hexamind” jamoasi bilan kuch sinashdi.

Katta ruhiy bosim ostida o‘tgan o‘yinning tay-brek bahsida hamyurtlarimiz raqiblarini 5,5:0.5 hisobida taslim etdi va jahon chempionatining sovrindorlari qatoridan joy olishi asnosida 30 ming yevro pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Blits musobaqalarida “Dragon Chilling” jamoasi g‘olib bo‘lib, oltin medallar va 75 ming yevro miqdoridagi bosh mukofotga ega chiqqan bo‘lsa, 2-o‘rin va 50 ming yevro mukofot puli “Endgame AI” jamoasiga nasib etdi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, “O‘zbekiston” jamoasi nafaqat umumiy hisobda bronza medalini qo‘lga kiritdi, balki shaxmatchilarimiz o‘z taxtalarida ham ajoyib shaxsiy natijalarni qayd etgani e’tiborli voqelik sifatida e’tirof etildi.

Xususan, Nodirbek Abdusattorov 1-taxtada o‘tkazgan 19 ta o‘yinda 15.5 ochko jamg‘arib, 2936 reyting ko‘rsatkichi bilan oltin, Umida Omonova ayollar o‘rtasidagi bahslarda 12 ta o‘yindan 9 ochko bilan kumush, Akjol Rahmatullayev 21 ta o‘yinda 14.5 ochko bilan kumush, Shamsiddin Vohidov 15 ta o‘yinda 8.5 ochko jamg‘argan holda bronza medaliga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev,
O‘zA