Jahon Chempionati Meksika-1970 (2-qism). Ideal futbol va innovatsiyalar davri
O‘sha tarixiy musobaqa haqida 9 ta eng muhim faktni taqdim etamiz.
Meksika yashil maydonlarida o‘tgan ushbu turnir futbolni “zamonaviy davr”ga olib o‘tgan ko‘prik bo‘lgan edi. O‘sha tarixiy musobaqa haqida 9 ta eng muhim faktni taqdim etamiz:
1. Geografiya kengaydi
Bu Yevropa va Janubiy Amerikadan tashqarida o‘tkazilgan ilk Jahon chempionati sifatida tarixga kirdi.

2. Kartochkalar erasi
Futbolga ilk bor sariq va qizil kartochkalar joriy etildi. Qizig‘i, turnir davomida hakamlar biror marta ham qizil kartochkani cho‘ntagidan chiqarishmagan.
3. Ilk almashtirishlar
Futbol tarixida birinchi marta o‘yin davomida ikkitagacha almashtirishga ruxsat berildi. Tarixdagi ilk “joker” esa Meksika – SSSR o‘yinida maydonga tushgan Anatoliy Puzach bo‘ldi.
4. Rangli translyatsiya
JCH-1970 barcha uchrashuvlari rangli tasvirda to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatilgan ilk musobaqadir.
5. “Telstar” – afsonaviy to‘p
Aynan shu turnirdan boshlab FIFA va “Adidas” hamkorligi boshlangan. Oq-qora katakli “Telstar” to‘pi televizor-ekranlarida aniq ko‘rinishi uchun maxsus ishlab chiqilgan. Uning nomi “Television Star” “Televideniye yulduzi” so‘zidan olingan.
6. Pelening rekordi va “Selesao”
Braziliya terma jamoasi barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib, chempion bo‘ldi. Pele esa tarixda 3 karra Jahon chempioni bo‘lgan yagona futbolchiga aylandi – bu rekord hanuz yangilanmagan.

7. Asr o‘yini
Italiya va GFR o‘rtasidagi yarim final (4:3) “Asr o‘yini” nomini olgan. Qo‘shimcha bo‘limlarda 5 ta gol urilgan yagona o‘yin sifatida “Atsteka” stadioniga xotira lavhasi o‘rnatilgan.
8. Mario Zagallo fenomeni
Braziliyalik afsona Mario Zagallo ham futbolchi, ham bosh murabbiy sifatida Jahon kubogini qo‘lga kiritgan ilk inson bo‘ldi.
9. Genial marketing
Chorak final oldidan Pele butsasining ipini bog‘lash uchun o‘yinni to‘xtatib turgan. Kameralar uning «Puma» butsalarini butun dunyoga yirik planda ko‘rsatgan. Bu reklama uchun Pele o‘sha paytda 120 000 dollar (hozirgi qiymatda qariyb 1 mln $) haq olgan.