Jahon bozoriga chiqishning muhim omili
Poytaxtimizda 13-14-oktabr kunlari X O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Poytaxtimizda 13-14-oktabr kunlari X O‘zbekiston xalqaro paxta yarmarkasi bo‘lib o‘tadi.
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan ushbu nufuzli yarmarka jahon paxta sanoati yetakchilari, to‘qimachilik korxonalari vakillari va savdo agentlariga mamlakatimiz paxta kompleksini rivojlantirish strategiyasi bilan tanishish, savdolarda qatnashish, shartnomalar tuzish imkoniyatini yaratadi.
Har qanday xaridorni birinchi galda mahsulot sifati qiziqtiradi. Mamlakatimizda paxta tolasini eng ilg‘or xalqaro standartlar asosida sertifikatlash bilan ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilardan mustaqil bo‘lgan, Yevropa va Amerikadagi yetakchi paxta uyushmalari a’zosi – “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi shug‘ullanadi. Har bir viloyatda uning bo‘limlari mavjud. Mingdan ziyod mutaxassis faoliyat yuritayotgan, yuqori likvidligi bilan ajralib turuvchi tolamiz sifatini kafolatlovchi mazkur markazning milliy ma’lumotlar bazasida yurtimizda yetishtiriladigan barcha paxta navlari, paxta tozalash korxonalarida ishlab chiqarilayotgan tola va momiqqa oid sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar jamlangan. Har bir hududda yetishtirilgan paxta tolasi sifat ko‘rsatkichlari va og‘irligi bo‘yicha “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazining hududiy laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazilib, nazorat qilib boriladi.
– Mamlakatimizda paxta tolasini sertifikatlash va sinovdan o‘tkazishda eng zamonaviy uskuna – HVI tizimlaridan foydalanilmoqda, – deydi “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazi bosh direktori Hakimjon Umarxo‘jayev. – Bir kunda mingtagacha namuna olish imkonini beradigan ushbu tizim tolaning uzunligi, pishiqligi, rangi, sifati, mikroneyri, kalta tola miqdori kabi ko‘rsatkichlarni aniqlab beradi. Sinov natijalariga asosan tola to‘dalariga muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilib, u ishlab chiqaruvchi korxonaga taqdim qilinadi.
Yurtimizda HVI tizimlarida paxtaning sifatini aniqlash usuli qo‘llanilayotgani bejiz emas. Zero, u seleksioner olimlarga sanoatchilar talabiga mos navlarni yetishtirishga yordam berib, pirovardida o‘zbek paxtasining sifatini yaxshilash va uning raqobatbardoshligini oshirishda qo‘l keladi. Shu bois “Sifat” O‘zbekiston paxta tolasini sertifikatlash markazini 2013-2017-yillar davomida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish hamda texnik va texnologik qayta jihozlash ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, 35 yarim avtomatli Uster HVI 900 SA tizimi o‘rniga texnik tasniflari takomillashtirilgan, unumdorligi yuqori bo‘lgan 18 avtomatlashtirilgan Uster HVI 1000 tizimi bosqichma-bosqich o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Hozirgi kunda “Sifat” markazida g‘o‘za navlari va yetishtirilgan paxta tolasining sifat ko‘rsatkichlari chuqur tahlil qilinayotgani va shu asosda agrotexnik tadbirlarni yaxshilash, yangi navlarni rayonlashtirish va HVI tizimlarini qo‘llash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilayotgani natijasida to‘qimachilik sanoati uchun maqbul bo‘lgan 4 tipdagi tolaning miqdori oshib bormoqda.
Quvonarlisi, o‘tgan yili “Oliy” va “Yaxshi” sinflarining umumiy ulushi 84 foizga yetdi. Tolaning uzunligi bo‘yicha 4 tipga mansub tolalarning umumiy hajmi 2012-2013-yillar hosili bo‘yicha 77,6 foizdan 80,8 foizgacha ortdi.
“Sifat” markazi 10-yildan ziyod vaqt mobaynida o‘tkazayotgan HVI tizimlaridagi sinovlarni aniqlik darajasini baholash maqsadida Germaniyaning Bremen paxta uyushmasi hamda Amerikadagi Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi bilan birgalikda yuzdan ortiq mamlakat ishtirokidagi Xalqaro instrumental solishtiruv test sinovlarida muntazam ishtirok etib kelayotgani ham e’tiborga loyiq. Negaki, bu jarayonda o‘zbek paxtasi sifatini baholashda jahon bozorida qabul qilingan standartlarga to‘liq rioya qilinishi ta’minlanmoqda.
Paxta tolasining sinovlari, uning to‘lov tizimi, nav tarkibini yaxshilash va paxta tozalash sanoatining samaradorligini oshirishga oid islohotlar o‘zbek paxtasining iste’mol talablari yuqori bo‘lishiga zamin yaratmoqda. “Sifat” markazi o‘z ish faoliyati davomida tolaning sifatini baholash mezonlari va usullarini doimiy takomillashtirib, qayta ishlash korxonalarida ishlab chiqarilayotgan tola sifatini oshirish tadbirlarini qo‘llash hamda tashqi savdo kompaniyalarining ish yuritish uslublarini joriy etish tufayli mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Shubhasiz, bunda xalqaro paxta yarmarkasi muhim bozor mexanizmi vazifasini o‘tamoqda. Pirovardida u o‘zbek paxtasini eksport qilish borasida mamlakatimiz va hamkorlarning uzoq muddatli manfaatlariga mos keladigan yangi, samarali vositalarni rivojlantirishga, istiqbolda yanada ishonchli, barqaror iqtisodiy munosabatlar o‘rnatish uchun mustahkam asos yaratishga xizmat qilmoqda.
Markaz Xalqaro paxta uyushmasi (Buyuk Britaniya), Bremen paxta uyushmasi (Germaniya), Gdin paxta uyushmasi (Polsha), Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi kabi tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. 2009-yilda “Sifat” markazi “Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasining Paxtani standartlash va instrumental sinash komissiyasining (CSITC) Markaziy Osiyo bo‘yicha hududiy texnik markazi” maqomini oldi.
So‘nggi yillarda olimlarimiz yaratgan bir qator ertapishar, serhosil, tola chiqishi yuqori bo‘lgan yangi navlar davlat reyestriga kiritildi. Hozir fermerlarimiz seleksionerlar taklif etayotgan navlar orasidan bozorda talab yuqori bo‘lganlarini tanlab olish imkoniyatiga ega. Jahon andozalariga javob beradigan “Buxoro-6”, “S-6524”, “An-Boyovut-2”, “Namangan-77”, “Buxoro-8”, “Oqdaryo-6”, “Mehnat”, “Omad”, “Xorazm-127” kabi yurtimizning tuproq-iqlim sharoitiga mos seleksiya navlari dunyo miqyosida juda xaridorgir.
Seleksionerlarimizning iste’molchilarga ma’qul keladigan navlarni yaratishi, hududlarga mos navlar ekishni qat’iy nazorat qilish, fermerlarga amaliy yordam ko‘rsatish, paxta tozalash sanoatini modernizatsiya qilish, shuningdek, tolani tasniflashning zamonaviy tizimi uning yuqori sifatini kafolatlab, yuksak darajada raqobatbardoshligini ta’minlamoqda.