Jahon banki va O‘zbekiston urbanizatsiya bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirmoqda
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev hamda Jahon bankining shaharsozlik masalalari bo‘yicha direktori Min Jang o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida mamlakatda urbanizatsiya jarayonlarini samarali boshqarish, uy-joy siyosati va hududlarni barqaror rivojlantirishga oid dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning Milliy fazoviy konsepsiyasini ishlab chiqish, hududiy rejalashtirish tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda aholining sifatli va hamyonbop uy-joydan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Milliy uy-joy strategiyasini tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mavjud shahar hududlarini renovatsiya qilish, muhandislik va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy fazoviy ma’lumotlar infratuzilmasini yaratish bo‘yicha fikr almashildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda xalqaro tajribani joriy etish va innovatsion yondashuvlardan keng foydalanish muhimligini ta’kidladi.

Muzokaralar chog‘ida Jahon banki mutaxassislarining urbanizatsiya, shahar infratuzilmasi va hududiy rivojlanish sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga ekspertlik va maslahat ko‘magini ko‘rsatishi bilan bog‘liq istiqbolli loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mamlakat shaharlari va aholi punktlarini barqaror rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA