Jahon banki O‘zbekistonning shaharsozlik islohotlarini qo‘llab-quvvatlaydi
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasida Jahon banki vakillari ishtirokida urbanizatsiya, uy-joy siyosati hamda hududlarni barqaror rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda jadal kechayotgan urbanizatsiya jarayonlari, zamonaviy shaharsozlik yondashuvlarini joriy etish va aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama markazida bo‘ldi.

Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasining Butunjahon urbanizatsiya forumi — WUF13 tadbirida ishtirokini tashkiliy va institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, forum doirasida mamlakatimizda urbanizatsiya jarayonlarini muvofiqlashtirish, shaharsozlik sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va yangi yondashuvlarni xalqaro maydonda namoyish etish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda urbanizatsiya va uy-joy siyosati sohasida amalga oshirilayotgan hamda istiqbolda rejalashtirilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, shaharsozlik va geoma’lumot tizimlariga raqamli hamda zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga e’tibor qaratildi.
Milliy qo‘mita xodimlari uchun Yevropaning yetakchi universitetlari professorlari ishtirokida malaka oshirish kurslari va maxsus o‘quv dasturlari tashkil etish belgilandi.

Ta’kidlanganidek, bu kabi hamkorlik loyihalari shaharlarni kompleks rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish va aholi turmush sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA