Jahon banki delegatsiyasining uchrashuvlari
Muloqotda Oʻzbekistonning Jahon banki bilan hamkorligi istiqbollari xususida fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva 16-yanvar kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy vitse-prezidenti Siril Myuller rahbarligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqotda Oʻzbekistonning Jahon banki bilan hamkorligi istiqbollari xususida fikr almashildi. Milliy iqtisodiyotni yanada erkinlashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida Jahon bankining yangi parlament, jumladan, Oliy Majlis Senati bilan hamkorlik qilishga tayyorligi bildirildi.


Siril Myuller Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida demokratik yangilanish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berib, Buyuk Britaniyaning “The Economist” jurnali 2019-yilda Oʻzbekistonni “Yil mamlakati” deb eʼlon qilgani bilan tabrikladi.
Suhbat chogʻida Jahon bankining mamlakatimiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilish, jumladan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish, raqamli iqtisodiyot boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda “Obod mahalla” dasturi doirasida xotin-qizlar va yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishi taʼkidlandi.


Jahon banki Oliy Majlis Senatining qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini moliyalashtirish, kasanachilik bilan shugʻullanadigan xotin-qizlarga yordam koʻrsatish boʻyicha tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani taʼkidlandi. Ushbu loyiha “DjeyEsDiEf” dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Jahon banki delegatsiyasi, shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Transport vazirligi mutasaddilari bilan ham muzokaralar oʻtkazdi.