Jahon banki bilan energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimligida Jahon bankining energetika sohasi bo‘yicha bosh mutaxassislari ishtirokida “O‘zbekiston milliy barqaror issiqlik ta’minoti dasturi” doirasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent shahar hokimining uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Obidjon Mo‘minov, Energiya samaradorligi milliy agentligining Toshkent shahar loyiha ofisi rahbari Murod To‘ychiyev hamda tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari ishtirok etdi.
Uchrashuvda ko‘p kvartirali uylarni modernizatsiya qilish, markazlashgan issiqlik ta’minotini takomillashtirish, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish, sohani raqamlashtirish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Turar joy fondining energiya samaradorligini oshirish dasturini ishlab chiqish hamda modernizatsiya qilinadigan uylar va hududlarni tanlash mezonlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, uchrashuvda sifatli issiqlik ta’minoti ko‘p jihatdan binolarning energiya samaradorligiga bog‘liqligi, issiqlik yo‘qotishlari esa gaz va elektr energiyasining qo‘shimcha sarflanishiga olib kelayotgani qayd etildi. Shu bois uylarni kompleks modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va issiqlik yo‘qotishlarini qisqartirish Toshkent shahri uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani ta’kidlandi.

Mehmonlar tegishli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda texnik, ekspertlik hamda institutsional ko‘makni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA