Jadidlar merosi o‘rganildi
FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz garnizoni Madaniyat markazida “Jadidlar ta’lim va taraqqiyotga xizmat qilganidek, biz ham birga uchrashib yangi imkoniyatlar yaratamiz” mavzuda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
[gallery-25189]
Tadbirda Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari, faxriylar, oliy ta’lim muassasalari talabalari, otaliqqa olingan yoshlar, deputatlar, professor-o‘qituvchilar, taniqli shoir va yozuvchilar ishtirok etdi. Unda XX asr boshlarida taraqqiyot va ma’rifat yo‘lida fidokorona xizmat qilgan jadidchilik harakati namoyandalari – Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonov kabi milliy uyg‘onish peshqadamlarining hayoti, faoliyati va tarixiy merosi haqida ishtirokchilarga keng ma’lumot berildi.
Ma’rifiy kechada so‘z olganlar jadidlar merosi, ushbu ma’naviy xazinaning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ilm-fan va ma’naviyatga bo‘lgan ehtiyoj haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ishtirokchilar Termiz garnizonida yurt posbonlari uchun yaratilgan sharoitlar, harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati, yashash va xizmat qilish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi. Tadbir doirasida zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi, kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Kechaning badiiy qismida Termiz garnizoni harbiy orkestri tomonidan sahnalashtirilgan, jadid bobolarimiz hayotiga oid sahna ko‘rinishlari, shuningdek, qatag‘on davridagi fojialarni aks ettirgan hujjatli film namoyish etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA