Bojxona — tadbirkorga amaliy ko‘makchi
Sirdaryo tumanida faoliyat yuritayotgan «Muxiddin o‘g‘li – Jasurbek» fermer xo‘jaligi tomonidan xorijdan 1000 bosh nasldor yirik shoxli qoramol olib kelish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Ayni paytga qadar xo‘jalikka 133 bosh nasldor qoramol olib kelinib, ularni belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish jarayonida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Mazkur jarayonni samarali tashkil etish, tadbirkorning tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni joyida hal etish maqsadida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati va mas’ul xodimlari fermer xo‘jaligi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, nasldor qoramollarni import qilish jarayonini tartibli tashkil etish, tirik hayvonlarni bojxona nazoratidan o‘tkazish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuvda boshqarma boshlig‘i Nodirjon Salimjonov, post boshlig‘i Shuhrat Avezov, bo‘lim boshliqlari Bekzod Cho‘liyev va Qobiljon Mamatqulov hamda sohaning mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.
Muloqot davomida tirik hayvonlarni import qilishning o‘ziga xos jihatlari, ularni xo‘jalik hududiga tushirish, zarur hujjatlarni rasmiylashtirish, bojxona nazoratini tashkil etish va qoramollarni belgilangan talablar asosida qabul qilib olish tartibi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Fermer xo‘jaligi vakillariga Bojxona kodeksi talablari asosida tirik hayvonlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi. Shuningdek, hujjatlarni tayyorlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar, qoramollarni xo‘jalik hududiga tushirish va rasmiylashtiruv jarayonlarini ortiqcha ovoragarchiliklarsiz tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bildirildi.
Bunday yondashuv, avvalo, tadbirkorlik sub’ekti uchun vaqt va resurslarni tejash, import jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni oldindan bartaraf etish hamda bojxona tartib-taomillarini belgilangan talablar asosida tezkor tashkil etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, «Muxiddin o‘g‘li – Jasurbek» fermer xo‘jaligi tomonidan xorijdan jami 1000 bosh nasldor yirik shoxli qoramol, jumladan, yuqori sutdor zotlarni olib kelish rejalashtirilgan. Loyihaning to‘liq amalga oshirilishi natijasida xo‘jalikda chorvachilik yo‘nalishini kengaytirish, naslchilik salohiyatini oshirish, yuqori mahsuldor chorva mollari sonini ko‘paytirish va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Ayni jarayonda bojxona organlarining tadbirkor bilan bevosita muloqot qilib, zarur tushuntirish va amaliy ko‘mak ko‘rsatayotgani tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoit yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Uchrashuv yakunida import jarayonini belgilangan tartibda va samarali tashkil etish, tadbirkorlik sub’ektining murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarga joyida yechim topish bo‘yicha mas’ul xodimlarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri