Izlanish va mehnat samarasi
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari faoliyati kengayib, sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmi ortib bormoqda. Bu borada Bekmurodovlar oilasi tomonidan tashkil etilgan issiqxona xo‘jaligi ham o‘zining samarali faoliyati bilan ajralib turadi.
2017-yilda ko‘p yillar maktabda o‘qituvchilik qilgan Qahramon Bekmurodov farzandlari Umidjon va Azizjon bilan birgalikda tumanda birinchilardan bo‘lib Koreya texnologiyasi asosida 1 gektar maydonda zamonaviy issiqxona tashkil etdi. O‘sha paytda hudud uchun yangilik bo‘lgan ushbu tashabbus dastlab ko‘pchilikda qiziqish va ayrim shubhalarni ham uyg‘otgan edi.
Biroq puxta o‘ylangan biznes reja, izlanish va tinimsiz mehnat o‘z samarasini berdi. Issiqxonada yetishtirilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki Rossiya va Qozog‘istonga ham eksport qilina boshlandi.
Mazkur tajriba tumandagi boshqa tadbirkorlarni ham zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishga undadi. Mahalliy hokimlikning qo‘llab-quvvatlashi natijasida hududda yangi issiqxonalar barpo etilib, sabzavotchilikning ushbu yo‘nalishi rivojlana boshladi.
Bekmurodovlar oilasi ham faoliyatini izchil kengaytirdi. Bugun ular asos solgan «Xatirchi agrogreen house» xususiy korxonasi tasarrufida 16,5 gektar maydonda issiqxona mavjud. Bu yerda pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri va baqlajon kabi sabzavotlar yetishtirilmoqda.
Zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish natijasida gektaridan 50 tonna pomidor, 80 tonna bodring hosili olinmoqda. Shuningdek, har yili sabzavotlarning yangi navlari sinovdan o‘tkazilib, hosildorlik va mahsulot sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
[gallery-32057]
Qahramon Bekmurodov o‘z tajribasini boshqa tadbirkorlar bilan o‘rtoqlashib, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishda amaliy maslahatlar berib kelmoqda. Bekmurodovlar oilasining faoliyati izlanish va tinimsiz mehnat samarasining yorqin namunasidir.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA