Ixcham issiqxonalar farovon, to‘kin turmush manbai
Prezidentimiz tashabbusi bilan hududlarda keng joriy etilayotgan “Sayxunobod” tajribasi uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholi daromadlarini oshirish uchun qulay muhit yaratdi.
Bu jarayonda tomorqa, yer egalarining bozor topishiga ko‘maklashish, tadbirkorlarni sifatli urug‘ va dori vositalari bilan ta’minlash, mahsulotini eksport qilishga amaliy yordam berish, yer munosabatlarini shakllantirish kabi muhim islohotlar boshlandi.

Mamlakatimizda ommalashayotgan “Sayxunobod” tajribasi Surxondaryo viloyatida ham tomorqalardan unumli foydalanib, qo‘shimcha daromad topishda o‘z samaralarini bermoqda.
Vohaning Sho‘rchi tumanidagi 37 ming xonadonga 3 ming 753 gektar yer maydoni tomorqa sifatida berilgan. Mo‘’jazgina tomorqalarning aksariyatida meva-sabzavot parvarishlansa-da, ayrimlari faqat oilaning chorva mollari uchun yem-xashak yetishtiriladigan maydonga aylanib qolgan edi. So‘nggi yillarda tomorqa, yer egalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor bu yerlardan unumli foydalanishning samaralarini keng namoyon etdi. Tomorqasida chorva uchun yem-xashak yetishtiradigan odamlar ham issiqxona barpo etib, turli oziq-ovqat mahsulotlari parvarishlasa ko‘proq daromad olishiga ko‘zi yetdi. Ixcham issiqxonalarda nafaqat pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri yoki boshqa sabzavot mahsulotlari, balki turli sitrus mevalar parvarishlashga qiziqish oshdi.

Tumandagi Olatemir mahallasida 700 dan ortiq xonadon mavjud. Ularning 40 ga yaqinida issiqxona qurib, qo‘shimcha daromad olayotgan oilalar turmushi farovonlashib bormoqda. Limon, mandarin parvarishlab, yaxshigina daromad topmoqda.
— Tomorqamizning o‘n sotixiga issiqxona qurib, limon va mandarin yetishtiryapmiz, – deydi shu mahallada yashaydigan Shuhrat Do‘stbekov. ¬Hozir barcha ko‘chatlarimiz to‘liq hosilga kirgan. Yiliga 20-25 tonna hosil olyapmiz. Bundan tashqari, chorvachilikni yo‘lga qo‘ydik. Ochiq maydonda sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanamiz. Farzandlarimiz bilan halol mehnat qilib, shunga yarasha yaxshigina daromad ham topamiz. Yangi uy-joylar quryapmiz, to‘ylar qilyapmiz, mashina minyapmiz. Bularning barchasiga qishin-yozin tomorqamizdagi mehnatimiz ortidan erishyapmiz.

Sho‘rchilik tomorqa egalari sitrus mevalar yetishtirishning hadisini oldi. Issiqxonalarda mango, banan kabi o‘simliklarni parvarishlab, ulardan salmoqli hosil olayotgan oilalar bor. Limon va mandarinning esa ko‘plab turlari yetishtirilmoqda. Ayollar bandligi ta’minlanayotir.
Tamshush mahallasidan Zifnu Sultonova tomorqasining o‘n sotixida issiqxona tashkil etib, bir mavsumda limondan ikki tonnagacha hosil olmoqda.

– Hokim yordamchisining tavsiyasi bilan imtiyozli kredit olib, tashkil etgan issiqxonamizga limon ko‘chatlarini ekkan edik, – deydi Zifnu Sultonova. – Hosilga kirgan limon mevalarini sotib, yaxshigina daromad oldik.
Shu mahallada yashaydigan Guldasta Rahimova ham imtiyozli kredit hisobidan barpo etgan issiqxonasida limon ko‘chatlarini mehr bilan parvarish qilmoqda.

Tomorqachilik Sho‘rchida mo‘may daromad manbaiga aylanib bormoqda. Unda astoydil mehnat qilib, unumli foydalanayotgan oilalarning ro‘zg‘ori to‘kin, xonadoni obod bo‘layotir. Hududlarning dehqonchilikda o‘z yo‘nalishlari paydo bo‘lmoqda. Qaysidir mahallada bog‘dorchilik rivojlanayotgan bo‘lsa, boshqa birida sabzavot yoki poliz mahsulotlari yetishtirilayotir. Jumladan, Kushon mahallasida anvoyi gul yetishtirishda yetarli tajriba to‘playotgan oilalar safi kengaymoqda. Gulsara Eshimova tomorqasining 3,5 sotixida 15 turdagi gullarni parvarishlab, qishin-yozin mijozlariga yetkazib berayotir.

– Issiqxonada gul yetishtirishning ham o‘z zavqi bor, – deydi Gulsara Eshimova. – Oilamiz bilan tomorqamizdagi issiqxonada o‘sayotgan gullarni mehr bilan parvarish qilyapmiz. Bilasizmi, gul nozik, nafis o‘simlik. U ham so‘zlaydi. Sizga tabassum qiladi. E’tibor bersangiz o‘z tilida nimalarnidir shivirlaydi. Gullar parvarishida tuprog‘ining yumshoqligiga e’tibor qaratish kerak. Qatqaloq bo‘lib qolmasligi lozim. Inson yaxshi mehnat qilsagina uning rohatini ko‘radi. Turmushi to‘kin bo‘ladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri