IV Osiyo PGPR xalqaro anjumani
Oʻzbekiston Milliy universitetida joriy yilning 18-22-avgust kunlari “Barqaror qishloq xoʻjaligi” mavzusida oʻtkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi “IV Osiyo PGPR xalqaro anjumani” oʻz ishini boshladi.
Oʻzbekiston Milliy universitetida joriy yilning 18-22-avgust kunlari “Barqaror qishloq xoʻjaligi” mavzusida oʻtkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi “IV Osiyo PGPR xalqaro anjumani” oʻz ishini boshladi.
Mazkur anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va Suv xoʻjaligi vazirliklari, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi uyushmasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Milliy universiteti hamda “Ecobiome” MChJ tashabbusi ostida oʻtkazilmoqda.
Xalqaro konferensiyaning vazifalaridan biri Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligida oʻsimliklarning turli xil kasalliklariga qarshi samarali va innovatsion tarzda ishlab chiqarilgan soʻngi avlod biooʻgʻitlaridan foydalanishning yangi usulini Respublika miqyosida tadqiq qilishdir.
Shuningdek, biologik oʻgʻitlar va biofungitsid texnologiyalarini rivojlantirish orqali yetishtirilgan kimyoviy oʻgʻitlardan xoli, toza va organik meva va sabzavotlarning eksportbop navlarini yetishtirish kabi masalalar koʻrib chiqiladi. Anjuman 200 dan ziyod chet ellik va 100 dan ortiq mahalliy qishloq xoʻjaligi sohasida faoliyat yuritib kelayotgan professor va olimlar delegatsiyalari, doimiy xomiy korporatsiyalar, yurtimizdagi qishloq xoʻjaligi sohasi rahbarlari hamda vakillari ishtirokida boʻlib oʻtmoqda.
Xalqaro anjumanni tashkil etishda yetakchilik qilgan, 26 yil muqaddam OʻzMUning biologiya fakultetini tamomlagan Dilfuza Egamberdiyeva (hozirda Xitoy xalq respublikasining Ekologiya va geografiya institutida faoliyat yuritadi) xalqaro konferensiya haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
– Ilmiy faoliyat yuzasidan yigirma yil mobaynida 60 dan ortiq davlatlarda konferensiyalarda boʻlib maʼruzalar qilganman. Eng katta orzuim Vatanim Oʻzbekistonda ham dunyo miqyosidagi shunday xalqaro konferensiyalar tashkil etilsa, der edim. Hozir buning guvohi boʻlib turibmiz. Bugungi konferensiyada biologiya sohasi boʻyicha AQSH, Indoneziya, Malayziya, Kanada, Yevropa ittifoqi, Xitoy, Yaponiya kabi qator mamlakatlar vakillari ishtirok etishmoqda. Olib borilayotgan ishlarimizni dunyo eʼtirof etayotganidan juda mamnunman. Oʻzbekistonda ham ilmni ishlab chiqarishga tatbiq etishga katta ahamiyat berilyapti. Va bizning maqsadimiz ilmiy ishlarni firmalarga, sanoatga yoʻnaltirish hamda oʻzimizga hamkorlarni topish. Mamlakatimizda ilmni yanada rivojlantirish maqsadida Oʻzbekistonga qaytdim va 2018-yilda “Ecobiome” MChJ tashkil etdik. Firmaning faoliyatini olib borishda xorij andozalariga tayandik. Sababi xorijda ilmiy ishlar davlat byudjeti hisobiga emas, balki yirik firmalar sarflagan moliyaviy xarajatlar evaziga amalga oshiriladi. Tayanch doktorantura va doktoranturada ilmiy faoliyatini yuritayotgan tadqiqotchilar firmalarning laboratoriyalarida ixtirolar, texnologiyalar, yangi qoʻllanmalar yaratib firmalarga katta daromad keltiradi. Maqsad faqat foyda olish emas. Yurtimizda onalar va bolalar orasida saraton kasalliklari, yuqumli kasalliklar avj olgan. Bularning sababi kimyoviy vositalarning haddan ortiq ishlatilishida. Vazifamiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda kimyoviy vositalardan emas, biologik oʻgʻitlar va biofungitsid texnologiyalardan foydalanib ekologik toza mahsulot ishlab chiqarishdan iborat.
Shuningdek, konferensiyada Oʻzbekiston Milliy universiteti bilan “Biotex” markazini tashkil etish rejalashtirildi. Ushbu markazda oʻzbek va xorij olimlarining tajriba almashishiga yanada keng imkon yaratiladi.
– Xitoy xalq respublikasining Shinjon Ekologiya va geografiya institutida faoliyat olib boraman va anjumanda ilk bor ishtirok etyapman, – dedi konferensiya ishtirokchi assistent-professor Bozorov Tohir. – Konferensiya qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda yetakchi yoʻnalishlarni ochib beradi. Bugungi ilmiy maydonda yigʻilgan mutaxassislar ishtirokchilarga ilmiy va amaliy ahamiyatga ega boʻlgan maʼlumotlarni berib, oʻzaro fikr almashishadi. Eʼtiborlisi shundaki, Shinjon instituti va OʻzMU biologiya fakulteti bilan hamkorlikda qoʻshma laboratoriya tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Konferensiyada “Bakteriyalarning antogonik xususiyati va ularning zamburugʻlarga qarshi kurashi” mavzuida maʼruza qilaman, – deya soʻziga yakun yasadi.