Italiya xalqi o‘z terma jamoasini mundialda ko‘rishni istamayapti
Ushbu mavzu harbiy nizolar va diplomatik qiyinchiliklar tufayli Eronning turnirdagi ishtiroki so‘roq ostida qolayotgani fonida yuzaga keldi.
Italiyada milliy terma jamoaning Eron o‘rniga jahon chempionatida ishtirok etishi mumkinligi atrofida katta bahs-munozaralar avj oldi. Gazzetta dello Sport nashrining qayd etishicha, ko‘pchilik muxlislar bunday ssenariyga qarshi chiqishmoqda.
SWG kompaniyasi ushbu nashr uchun o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovnomaga ko‘ra, respondentlarning faqat 25 foizi Eron turnirdan chetlatilgan taqdirda Italiyaning mundialga qo‘yilishini qo‘llab-quvvatlagan. Bu g‘oyaga qarshi 58 foiz aholi ovoz bergan bo‘lsa, yana 17 foizi javob berishga qiynalgan. So‘rovnoma mamlakatning 800 nafar voyaga yetgan aholisi o‘rtasida o‘tkazildi.
Bunday taklifga qarshi chiqayotganlarning asosiy vaji — sport tamoyillarining yo‘qligidir. So‘rovda qatnashganlarning qariyb yarmi (47%) saralashdan o‘tmasdan jahon chempionatida qatnashish «terma jamoa va butun mamlakat uchun sharmandalik bo‘lishini» ta’kidlashgan. Yana 11 foiz aholi esa mundialga borish shunchaki italiyan futbolidagi tizimli muammolardan e’tiborni chalg‘itadi, degan fikrda.
Ushbu mavzu harbiy nizolar va diplomatik qiyinchiliklar tufayli Eronning turnirdagi ishtiroki so‘roq ostida qolayotgani fonida yuzaga keldi. FIFA va Eron futbol federatsiyasi o‘rtasidagi yakuniy muzokaralar 20-may kuni Syurixda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.