Istomin Portugaliya turnirida muvaffaqiyatli qatnashmoqda
Portugaliyaning Maya shahrida tennis bo‘yicha davom etayotgan «Chellenjer 80» turkumiga kiruvchi turnirda hamyurtimiz Denis Istomin muvaffaqiyatli qatnashmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 45 ming yevro miqdorida bo‘lgan mazkur musobaqada Istomin saralashning ilk davrasida portugaliyalik Gelermo Valdoleyrosani 6/1, 6/1 hisobida, undan keyin turnirning uchinchi raketkasi, ATP reytingida 295-o‘rinda borayotgan qozog‘istonlik Denis Yevseyevni 6/3, 6/3 hisobida dog‘da qoldirdi.
Endi tennischimiz Denis Istomin ushbu musobaqaning keyingi yakkalik bahsida dunyo reytingida 93-o‘rindan joy olgan portugaliyalik Nuno Borjesga qarshi kortga chiqadi.
Shuningdek hamyurtimiz Istomin rossiyalik Yevgeniy Karlovskiy bilan juftlik musobaqalarida ham qatnashmoqda.
Ular turnirning 1/8 final bosqichida portugaliyalik Jeymi Fariya va Duarte Veyl juftligiga qarshi bahs olib boradi.
Portugaliyada o‘tayotgan «Chellenjer 80» xalqaro turniri 4 dekabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA