Istiqlol – butun borlig‘imiz va taqdirimizdir
Bugun yurtimizda istiqlolimizning 30 yilligi bayram shukuhi kezib yuribdi.
Mustaqillikka erishish xalqimizning azaliy orzusi bo‘lganligi hech kimga sir emas. O‘ylab ko‘rsak, bu muqaddas tuyg‘uning, yoshi, kasbi, amal-martabasidan qat’iy nazar, har bir inson taqdirida o‘z betakror o‘rni, naqadar yuksak qadr-qimmati bor. Ammo har doim ham buni o‘ylab ko‘ravermaymiz. Chunki asalni doim maqtaymiz, undan totib, huzurlanamiz, ba’zan, to‘g‘risi, asalni ko‘p yeb qo‘yganimiz sababli nolib ham qo‘yamiz. Biroq yodga kelmaydiki, asalni totgunga qadar asal va asalarichining qanchalar mashaqqatli mehnati bor, bu yo‘lda qanchalab yo‘qotishlar bo‘lgan...
Kechagidek yodimizda. O‘shanda yettinchi sinfda o‘qirdik. Geografiya darsi edi. Rahmatli ustozimiz To‘lqinboy domla ancha keksayib qolgan. (Ichida dardi ko‘p edimi, ko‘p chekardi). Darsni juda qiziqarli o‘tardi. Bir vaqt xonadan shoshgancha chiqib, zum o‘tmay xursand holda qayta kirib keldilar va:
– O‘quvchilar! Barchangizni tabriklayman, bugun biz mustaqil davlat bo‘ldik. Endi barchamiz mustaqil yurt fuqarolarimiz...
O‘shanda o‘qituvchimizning qanchalik xursand ekanligini, ochig‘i, so‘z bilan ta’riflash qiyin. Hatto ko‘zlarida tomchi yosh ko‘rgandik. Biz esa mustaqillik so‘zini u vaqtlarda aniq-tiniq his qilmasak-da, bu so‘zning qadr-qimmati xalqimiz, vatanimiz uchun g‘oyat bebaho ekanligini ustozimizning holatidan yaqqol anglab turardik.
Shunda ustozimiz mamnunlikdan qarsak chaldilar, biz ularga jo‘r bo‘ldik. Xonamizni o‘quvchilarning gulduros qarsaklari tutib ketdi...
Mustaqillik davridagi qiyinchiliklarni biz o‘quvchi yoshlar ham anchagina sezib, idrok etdik. Oilada mening vazifam – maktabdan kelgach, non do‘konidagi uzundan-uzun navbatda turish va u yerdan ikki dona buxanka non sotib olish edi...
Men juda nimjon va kichik jussali, turishim esa yettinchi emas, to‘rtinchi sinf bolasiniki kabi edi. Ba’zan o‘zimdan kichik daroz bolalar navbatdan meni siqib chiqarib yuborardi. Navbatda turishdagi urinishlarim ko‘p vaqt zoye ketar, aksar hollarda non ololmay uyga qaytardim, chunki tugab qolardi. Buning uchun ota-onam meni koyimas, keyingi safar harakat qilgin, deyishardi. Uyimizdagi makkajo‘xorini tegirmonda tuydirib, zog‘ora non qilib yerdik. Chunki bu vaqtda bug‘doy uni anqoning urug‘i yoki tilloga teng ne’mat edi. O‘sha vaqtlarda navbatda turish vaqtidagi janjallar, bir buxanka non uchun yoshidan qat’i nazar, odamlarning bir-birlarini beizzat qilishlari, kichik bolakaylarning esa tiqilinch ichida qolib ketib, hattoki hushdan ketib qolganliklari ko‘z oldimizda ro‘y beradigan odatiy holga aylangandi...
Eldor degan sinfdoshim bo‘lardi rahmatlik. U mening qiynalganimni ko‘rib, yordam berishga oshiqardi. Chunki buxanka sotuvchi xola uning qo‘shnisi bo‘lib, u ham maktabdan kelardi-da, xolaga yordamga tutinardi va buxanka sotilib, tugagunga qadar yordamchilik qilib, o‘ziga ikki dona buxanka sotib olardi. O‘shanda do‘stimning yordami katta bo‘lardi. Sotuvchi xolaga «Navbatning falon joyida do‘stim turibdi. Iltimos unga ikki dona noningizni tortmaga solib qo‘ying, unga kelganda, tugab qolmasin»-deya iltimos qilardi. Shu tariqa men ham «nonlik» bo‘lib qolardim. Navbatda turib, ikki dona non olgan kunim, ochig‘i, o‘zimni oilasini ochlikdan qutqarib qolgan qahramonday his qilardim...
Baxtimizga tomorqamiz bor. Unga bug‘doy sepamiz. Pishgach, uyda o‘tirib barchamiz boshog‘ini sindiramiz. Quyoshda qaqshatib quritgach, boshog‘ini aka-uka yanchib, donini olamizda, Mo‘ydin otaning tegirmoniga olib boramiz. Otaxon bizga: «Ha, puchuqvoylarim!» deb qo‘yadi. U yerdan chiqarib olgan unimiz qop-qora, g‘ijir-g‘ijir, tandirda yopsak, qora non chiqadi. Ammo mag‘zi shirin. Har qalay «boymiz», chunki bug‘doy nonini yeyapmiz...
Bolalikdan shakarga o‘ch edik. Shakar, oq qand bo‘lmasa, janjal qilardik. O‘tish davridagi qiyinchiliklar biz bolalarning ham sabrini sinovdan o‘tkazdi. Endi shakar, oq qand deb janjal qilmaydigan, bir piyola qaynoq choy va qora bug‘doy noniga qanoat qiladigan bo‘ldik...
Yillar o‘tgan sari barchasi asta-sekin izga tushib, bug‘doy nonining sarasini yeydigan bo‘ldik. Chunki mamlakatimiz g‘alla mustaqilligiga ham erishdi. Do‘konlar peshtaxtalari yana mahsulotlar bilan to‘la boshladi. Tadbirkorlik rivojlanib, bir vaqtlar
do‘konlarda turgan qator-qator odamlar endi qo‘sha-qo‘sha uylar, qator-qator mashinalar sotib olishga o‘tdilar...
bugungi kun bolajonlariga shu hikoyalarni aytsak, ularga ertakday tuyuladi go‘yo. Ha, tarix har bir insonni xulosalar chiqarishga, yo‘g‘ida sabr qilishga, borida qadrlashga o‘rgatadi. Kecha bolaligimizda tarixni o‘qib o‘tirgan bo‘lsak, bugun yoshimiz bir qadar ulg‘ayib, hayotimizni tarix qilib yozishga tutinmoqdamiz. Albatta, bulardan maqsad bitta – u ham bo‘lsa ibrat.
Bugun barchamiz Yangi O‘zbekiston, uchinchi renessans poydevorini yaratish davrida yashamoqdamiz, bugun shiddatli tarzda kechayotgan islohotlar, tom ma’noda, xalqimizni hayotdan rozi qilish, vatanimiz kuch-qudratini yuksaltirish uchun, albatta. Shubhasizki,buning zamirida istiqlol deb atalgan ne’mat, hurlik tuyg‘usi yotibdi. Uni qadrlash, mustahkamlash har bir vatan farzandining sharafli burchidir...
Shunday ekan, bugungi tinch-osuda kunimiz, to‘kinchilik va farovonlikning qadriga yetishimiz, uni asrab-avaylashimiz, buning uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytishimiz, o‘zaro ahil, bahamjihat bo‘lmog‘imiz lozim.
Bola davrimizda u qadar anglayolmagan haqiqatimiz shuki, istiqlol – bizning butun bir borlig‘imiz, taqdirimizdir. Bugun biz ham o‘z kasbimiz, mehnatimiz bilan vatan, xalq manfaatlarini ta’minlashga zarracha hissa qo‘shayotgan ekanmiz, demak, biz ham mustaqillik uchun xizmat qilmoqdamiz.
Bahodir Valiyev,
Favqulodda vaziyatlar vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi