Istiqbolli tashabbus: forishlik millionerlar
Jizzax viloyati Forish tumani “Nurak” mahalla fuqarolar yig‘ini adirlarida kovul o‘simligi plantatsiyasi barpo etilmoqda. “Oqtom” qishlog‘i hududidan esa yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi yordamida chorva mollari uchun lalmi yerdan ozuqa olish maqsad qilingan.

Kovul xazina. O‘simlikning kelib chiqishini Erondagi Dashti Kavir cho‘li bilan bog‘lashadi. Gretsiya, Jazoir, Italiya, Kipr, Fransiya, Shimoliy Amerika kabi davlatlarda kovul madaniylashtirilgan o‘simlik sifatida parvarish qilinadi. Yurtimizning tog‘ yon bag‘ri hududlarida esa bu o‘simlik tabiiy holda o‘sadi. Jumladan, Jizzax viloyatining Zomin, G‘allaorol, Forish, Sharof Rashidov tumanlarining tog‘oldi hududlarida kovulni istagancha topish mumkin. Forishlik tadbirkor Bobomurod Xidirov tumandagi “Nurak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan 500 gektar yer olib, o‘z mablag‘i hisobidan madaniy holda kovul plantatsiyasi barpo etishga bel bog‘ladi. Shu ish hisobiga mavsumiy 30 ta ish o‘rni yaratiladi. Ayni paytda adirliklarga kovul urug‘i qadalayotir.
– Kovul tugunchalari oziq-ovqat, farmatseftika sanoatida dori tayyorlashda keng ishlatiladi, – deydi tadbirkor Bobomurod Xidirov. – Tib ilmining sultoni, bobokalonimiz Ibn Sino hazratlari ushbu nabotot turini ko‘plab xastaliklarni davolashda qo‘llagan. Kovul ko‘p mehnat talab qilmaydigan, suvsizlikka chidamli ko‘p yillik o‘simliklar sirasiga kiradi. Agar ushbu o‘simlik ozgina parvarishlanib, e’tibor qaratilsa, katta daromad manbaiga aylanadi. bugungi kunda jahon bozorida 1 kilogramm kovul tugunchasining narxi 1,5 AQSH dollari etib baholanamoqda. Tadbirkor o‘tgan yili Turkiya va bir qator Yevropa davlatlariga 384 ming AQSH dollari miqdorida kovul tugunchalarini eksport qilgan edi. Joriy yilda esa u eksportni 500 ming AQSH dollariga mo‘ljallamoqda.
Tumanning “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan Dilshod Chumuradov rahbarligidagi “Do‘stlik agro eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi joriy yilda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan holda 100 gektar yerda beda, 20 gektar yerda poliz va dukkakli ekinlar yetishtirishga ahd qilgan.
– Bu hududda baland tog‘li va tog‘oldi qishloqlariga qaraganda yog‘ingarchilik nisbatan kam bo‘ladi, – deydi “Do‘stlik agro eksport” MCHJ rahbari Dilshod Chumuradov. – Shu sababdan ham chorva uchun mo‘l ozuqa yetishtirish maqsadida yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etdik.
Ayni paytda, MCHJ a’zolari yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini 60 gektardan ikkiga bo‘lib joylashtirib chiqmoqda. “Do‘stlik agro eksport” MCHJ a’zolari beda, poliz va dukkakli ekinlar ekiladigan joylarni shudgorlash, yer tayyorlash, suv hovuzlarini betonlash kabi ishlarni amalga oshirmoqda.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA