Istiqbolli loyihalar taqdimoti
Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Uchqoʻrgʻon tumanidagi 2-sektor hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Uchqoʻrgʻon tumanidagi 2-sektor hududida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Mazkur sektorda hozirgi kunda umumiy qiymati 62,3 milliard soʻmdan ziyod 38 ta loyiha ishlab chiqilgan. Ular asosan xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi va sanoat sohalariga taalluqli. Xususan, sektor hududida “Hurriyat-Sevinchoy” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 12,4 milliard soʻmlik tibbiy kompleks, “Frutt kipp xaus” MCHJ tomonidan 1 milliard soʻm evaziga 600 tonnali muzlatgich barpo etilmoqda.
“Baxt mashservis” MMTPning qarovsiz binosi oʻrnida mexanizatorlar uyi qurilmoqda. Qolaversa, 8 yildan beri muammo boʻlib kelayotgan QVP faoliyati ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Taqdimoti oʻtkazilgan “Oʻljatoʻpi” MFY guzari esa zamonaviy qiyofaga kirdi.
Shu hududda yashovchi 29 yoshli Bekzod Xoʻjaxonov ukasi bilan Rossiyada ishlab qaytgan. Sektor rahbari, tuman prokurori Valijon Mamadaliyev ularga shu yerda yangi ish boshlashni taklif qilgan. Hozirda aka-uka 200 million soʻm oʻz mablagʻi hamda 100 million soʻm bank krediti evaziga Oʻljatoʻpi mahallasida oshxona, novvoyxona, mebelni qayta ishlash, kompyuter markazidan iborat majmuani ishga tushirmoqda.