Istiqbolli loyihalar samarasi
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Jizzax viloyati bo‘limi qishloq xotin-qizlarini tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirmoqda.
“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Jizzax viloyati bo‘limi qishloq xotin-qizlarini tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha yangi loyihani amalga oshirmoqda.“Sog‘lom avlod bilan buyuk kelajak sari” deb nomlangan loyiha qishloq ayollari, kasb-hunar kollejini bitirgan qizlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, hunarmandlikka jalb etish va uy mehnati bilan shug‘ullanishga o‘rgatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mazkur loyiha doirasida Paxtakor, Zarbdor tumanlarida qishloq ayollari, kasb-hunar kolleji bitiruvchilari uchun o‘quv-seminarlar tashkil etildi. O‘quv mashg‘ulotlarida bank, soliq, moliya, sug‘urta tashkilotlari mutaxassislari tomonidan biznes-reja tuzish, kredit olish va undan foydalanish tartiblari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining grant mablag‘i evaziga amalga oshirilayotgan loyiha doirasida qishloq ayollarini kasbga, tadbirkorlikka o‘rgatish bo‘yicha o‘quv-seminarlar va bepul kurslar tashkil etilmoqda, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi raisi Nozima Tugalova. – Loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni asosida davlat idoralari va fuqarolar yig‘inlari bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda. Bu hamkorlik xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishda yaxshi samara berayotir.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan 400 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlash, huquqiy bilimini oshirish, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Bunda, ayniqsa, “Qalb nuri”, “Istiqbolli avlod”, “Imkon”, “Iqtisodiyot, malaka va maslahat” kabi nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni katta bo‘lmoqda.
O‘tgan yili viloyatda 5 ming 380 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanib, tijorat banklari tomonidan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga 34 milliard 178 million so‘m kredit mablag‘i yo‘naltirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish rejalashtirilgan.