Istiqbolli loyihalar samarasi
Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, raqobatbardoshligini oshirish, tarkibiy o‘zgartishlarni chuqurlashtirish va tarmoqlarni diversifikatsiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar Piskent tumanida ham o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, raqobatbardoshligini oshirish, tarkibiy o‘zgartishlarni chuqurlashtirish va tarmoqlarni diversifikatsiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar Piskent tumanida ham o‘zining yuksak samaralarini bermoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 12-iyuldagi “2013-2015-yillarda Toshkent viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mazkur hujjat ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturga muvofiq, tumanda o‘tgan yillar davomida yengil sanoat va qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Azaleya garment” O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasi, “Diyorbek Charos”, “Muhiddin Siddiq o‘g‘li” xususiy firmalari kabi to‘qqizta korxona ishga tushirildi. Natijada 700 nafarga yaqin kishi ish bilan ta’minlandi. Ularning turmush farovonligi yildan-yilga yuksalib, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib borayotir.
Eng zamonaviy dastgohlar bilan ta’minlangan “Hamkor savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyatida maxsus ish kiyimlari, qo‘lqop hamda fartuklar tayyorlanmoqda.
Ayni paytda bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlarning asosiy qismi doimiy mijozlarga peshma-pesh yetkazib berilmoqda. Bir qismi ichki bozorda sotilayotir.
– Korxonamizda xomashyo tanlashdan tortib tayyor mahsulotni qadoqlashgacha bo‘lgan jarayon qat’iy nazoratga olingan, – deydi “Hamkor savdo” rahbari Baxtiyor Mirahmedov. – Bu mahsulotlarimizning sifatli va xaridorgir bo‘lishini ta’minlayotir. Prezidentimizning biz, tadbirkorlarga yaratib berayotgan keng imkoniyatlardan samarali foydalanib, kelgusida ishlab chiqarish quvvatini, ishchi-xizmatchilarimiz sonini yanada oshiramiz.
175 ming AQSh dollari evaziga tashkil etilgan mazkur jamiyatda hozirgi kunda o‘n besh nafar kishi mehnat qilmoqda. 2014-yilda tumandagi texnologiya kasb-hunar kollejini tamomlagan Yulduz Fayzullayeva ulardan biri.
– “Hamkor savdo”da ish boshlaganimga olti oy bo‘ldi, – deydi u. – Shu qisqa fursat ichida turli o‘lchamda maxsus ish kiyimlari bichib, tikishni puxta o‘rganib oldim. Bunda kollejda olgan bilim va ko‘nikmam qo‘l keldi.
Tuman iqtisodiyot bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Piskentda 2013-2015-yillarda umumiy qiymati 2 million 742 ming AQSh dollariga teng o‘n ikkita loyiha amalga oshiriladi.