Istiqbolli loyihalar samarasi
Mamlakatimizda fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalanish, hosildorlikni yanada oshirish, yetishtirilayotgan mahsulotni qayta ishlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor mavjud ekin maydonlaridan unumli foydalanish, hosildorlikni yanada oshirish, yetishtirilayotgan mahsulotni qayta ishlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.Farg‘ona viloyatida ham ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari safi kengayib bormoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida olti yuzdan ziyod yangi loyiha amalga oshirilayotgani ham fikrimiz tasdig‘idir.
– Prezidentimiz rahnamoligida fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar bermoqda, – deydi Qo‘shtepa tumanidagi “Shukurdavlat” fermer xo‘jaligi rahbari Shukurullo Saydullayev. – Xo‘jaligimiz tashkil etilgan dastlabki yillarda asosan paxta va g‘alla yetishtirilardi. Yaratilayotgan qulaylik va imtiyozlardan foydalanib, ekin maydonlarimizni yanada kengaytirdik, qo‘shimcha tarmoqlarni yo‘lga qo‘ydik. Tijorat bankining moliyaviy ko‘magida sutni qayta ishlash korxonasi ochdik.
Xo‘jalikda 50 dan ziyod ishchi-xizmatchi mehnat qilmoqda. 97 gektar yerda g‘alla, 48,5 gektar yerda paxta yetishtirilayotgan xo‘jalik uchun joriy yil ham barakali bo‘ldi. Gektaridan 60 sentnerdan g‘alla, 40 sentnerdan paxta hosili olindi.
Ayni paytda xo‘jalikda 600 bosh zotdor qoramol boqilmoqda. Zamonaviy sutni qayta ishlash korxonasida o‘n turdan ortiq sut mahsulotlari tayyorlanayotir. Joriy yilning o‘tgan davrida 500 tonnadan ziyod sut qayta ishlandi va tayyor mahsulot holida aholiga yetkazib berildi.
Fermer xo‘jaligi daromadi ham yildan-yilga oshmoqda. Xo‘jalik rahbari bir qator xorijiy davlatlarda bo‘lib, u yerda qishloq xo‘jaligi sohasidagi tajribalarni o‘rganib, faoliyatida tatbiq etayotir. Jumladan, fermer qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish, muzqaymoq ishlab chiqarish tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda.