Istiqbolli loyihalar – ishlab chiqarishga
Termizda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Termizda VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar hududiy yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi, viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahri va viloyatlardagi bir qator oliy o‘quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda markazlari o‘zlarining eng sara innovatsion g‘oyalari, texnologiya va loyihalari, ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Parpiyev va boshqalar mamlakatimizda innovatsion g‘oya va loyihalarni ishlab chiqish hamda hayotga keng joriy etish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani texnologik jarayonlarni yanada rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlashda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Prezidentimizning 2008-yil 15-iyuldagi “Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori sohani izchil rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. An’anaviy o‘tkazilayotgan mazkur yarmarka orqali o‘tgan yillarda yurtimiz olimlarining uch mingdan ortiq ishlanmasi, texnologiya va g‘oyalari keng namoyish etilgani ham buning yorqin tasdig‘idir. Shu yillarda ilg‘or innovatsion g‘oya va ishlanmalarni xarid qilish yuzasidan 86 milliard so‘mlikdan ziyod shartnomalar tuzilib, keng joriy etildi.
– Yarmarka mamlakatimizda yaratilayotgan ishlanma, texnologiya va g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etishda ilmiy muassasalar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda, – deydi viloyat hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi direktori Chori Saidov. – Bu imkoniyatdan olimlarimiz unumli foydalanib, ajratilayotgan davlat granti asosida ko‘plab innovatsion loyihalar ishlab chiqayotir. Xususan, Xonjiza polimetall rudalar koni, paxta va boshoqli don ekinlari seleksiyasi va agrotexnikasini ishlab chiqish, yod-brom, kvars-selestin, gips-ohaktosh kabi ko‘plab yerosti boyliklarini o‘zlashtirish bo‘yicha zamonaviy texnologiyalar yaratish, viloyat arxeologiyasi va etnografiyasini o‘rganish kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan izlanishlar o‘z samarasini bermoqda.
Yarmarkada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa institut va ilmiy-tadqiqot markazlari 150 innovatsion texnologiya, ishlanma va g‘oyalari bilan qatnashdi. Mahalliy xomashyo asosida yangi mahsulotlar ishlab chiqarish, quyosh va qayta tiklanuvchi energiya manbalari, serhosil paxta, don va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari, tuproq unumdorligini oshirish, o‘simliklarni turli zararkunandalardan himoya qilish hamda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish zamonaviy texnologiyalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Viloyat iqlimiga mos, ertapishar va serhosil g‘o‘za navlarini yaratish yuzasidan olib borayotgan izlanishlarimiz ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda, – deydi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy ishlab chiqarish markazi paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining Surxondaryo ilmiy-tajriba stansiyasi ilmiy xodimi Hilola Choriyeva. – Ayniqsa, o‘rta tolali g‘o‘za navlariga ehtiyoj ortib bormoqda. Hozir O‘zPTI-1604 navimiz sinovdan o‘tkazilayotir. Uning serhosil va ertapisharligi, tolasi pishiq va kasalliklarga chidamliligi fermerlarga manzur bo‘lmoqda.
Hududiy yarmarkada yangi loyiha, ishlanma va texnologiyalarni xarid qilish, amaliyotga tatbiq etish yuzasidan ko‘plab shartnomalar imzolandi.