Istiqbolli hamkorlik kengaymoqda
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon banki o‘rtasida 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi masalalariga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon banki o‘rtasida 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi masalalariga bag‘ishlangan muloqot bo‘lib o‘tdi.Unda Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyatlaridan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchi va talabalari, fermerlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ekspert va mutaxassislari mamlakatimiz iqtisodiyotidagi barqaror o‘sish sur’atlarini yuqori baholab, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bunda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Jahon banki o‘rtasida istiqbolli va mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jahon banki guruhi tomonidan 2012-2015-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi asosida iqtisodiyotning real sektorini qo‘llab-quvvatlash, diversifikatsiyalash, ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirishga ajratilgan sarmoyalar o‘z samarasini berayotir. Bunda mamlakatimizda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit va aniq belgilangan strategik yo‘nalishlar muhim omil bo‘lmoqda.
Tadbirda mazkur nufuzli moliya instituti va O‘zbekiston hamkorligida 2012-2015-yillarda amalga oshirilgan loyihalar natijalari, iqtisodiy rivojlanishning istiqbollari haqida so‘z yuritildi, yangi hamkorlik strategiyasi va unga yangicha yondashuvlar bo‘yicha rejalar taqdim etildi.
– O‘zbekistonda Jahon banki bilan hamkorlikdagi loyihalar bo‘yicha so‘nggi uch yilda erishilgan natijalar yangi loyihalarga investitsiya kiritish imkonini yanada kengaytirdi, – deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jungxun Cho. – O‘zbekiston uchun 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik konsepsiyasini tayyorlash maqsadida Jahon banki guruhi asosiy hamkorlar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. Ushbu tadbirdan maqsad tayyorlanayotgan dastur yuzasidan jamoatchilik fikrini o‘rganish va undan foydalanish, 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik strategiyasi yo‘lidagi sa’y-harakatlarga ko‘maklashishdan iborat. Bu sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, xususiy sektor va korporativ boshqaruvni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.