Istiqboldagi loyihalar muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov Fransiya rivojlanish agentligining O‘zbekiston va Qozog‘istondagi vakolatxonasi direktori Vanson Kopen bilan uchrashdi.
Mehmonni samimiy qarshi olgan Sh.Umurzoqov tashrif uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekistonda, xususan, Toshkent shahrida ham mahalliy, ham xorijiy kompaniyalar uchun qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti yaratilganini aytdi. Shuningdek, hozirgi kunda Fransiyaning ko‘plab kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan yirik loyihalar qatori istiqboldagi loyihalarni muhokama qilish vaqti kelganini bildirdi.
Shuningdek, Shavkat Umurzoqov Çalık Enerji turk kompaniyasining bosh direktori Onur Yujekal bilan o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonda, xususan, Toshkentda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z bordi. Jumladan, iqtisodiyotni liberallashtirish, biznes uchun qulay muhit yaratish, qonun va huquqiy kafolatlar ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Shuningdek, investorlar bilan ishlashning to‘laqonli tizimi joriy etildi. Bundan tashqari, mehmonlarga Toshkent shahar hokimligining faoliyati, uning qisqa va uzoq muddatli rejalari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Onur Yujekal do‘stona qabul uchun minnatdorlik bildirib, Çalık Enerji kompaniyasi faoliyatining yo‘nalishlari va ko‘lami haqida so‘zlab berdi. Kompaniya O‘zbekiston energetika sohasida ro‘y berayotgan o‘zgarish va islohotlarning guvohi ekanligini ta’kidlab, istiqbolli hamkorlik uchun barcha asos va sharoitlar mavjudligini ma’lum qildi.

Taraflar o‘zaro hamkorlik tez kunda jadallashishiga ishonch bildirib, muhokamalarni davom ettirishga kelishib oldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA