Istibdod qurboni bo‘lgan iste’dod egasi...
Butun umrini ziyo tarqatish, ma’rifatchilik ishiga bag‘ishlagan Sa’idrizo Alizodaga mustaqillik yillarida barcha jadid ziyolilari qatori munosib hurmat ko‘rsatildi.
U yashagan uy muzeyga aylantirildi va hayot yo‘lini ochib beruvchi ko‘rgazmalar hamda ilmiy merosi bilan boyitildi. Jadidchilik harakatining yorqin vakillaridan bo‘lmish Sa’idrizo Alizoda 1887 yil 15 fevralda Samarqand shahrining Bog‘ishamol guzarida ipakchi-gilamchi savdogar Mirmuhsin oilasida tug‘ilgan.
Maktab yoshiga yetgach, otasi Sa’idrizoni o‘zlari yashab turgan guzarda muhojirlikda yashagan ozarbayjonlik alloma Shayx Abulqosim asos solgan yangi usul maktabiga beradi. Qisqa vaqt ichida maktabni a’lo baholarda tamomlagan Sa’idrizoni Shayx Abulqosim maktabda muallimlik qilish uchun olib qoladi.
So‘ng Samarqand shahridagi Demurov nomidagi bosmaxonada harf teruvchi, rus va o‘zbek tilida chiqadigan «Samarqand» jurnalida musahhih bo‘lib ishlagan. Shu tariqa rus tilini yaxshi o‘rgangan, rus adabiyoti bilan ham yaqindan tanishgan. Sa’idrizo Alizoda 1914 yilda Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan hamkorlikda «Samarqand» gazetasi, keyinchalik «Oyina» jurnalini tashkil etadi va ularning sahifalarida Samarqanddagi maktab va madrasalardagi eskicha o‘qitish tizimini keskin tanqid qilib, ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha maqolalar e’lon qilib borgan. Shuningdek, gazeta va jurnal sahifalarida Afg‘onistonda chiqadigan «Siroj-ul axbor» gazetasida mashhur siyosiy arbob, taniqli adib Mahmud Tarziy tomonidan yozilgan afg‘on yangi usul maktablaridagi muammolarga bag‘ishlangan maqolalarini ko‘rsatish orqali Samarqand jadid maktablaridagi darsliklarning yetishmasligi, imtihon olish jarayonidagi chopon kiydirish kabi kamchiliklarni tanqid qilgan. Ularni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bergan. «Samarqand» gazetasi va «Oyina» jurnalining «Telegraf xabarlar» sahifasini o‘z hisobidan chiqartirgan. 1917 yildan «Hurriyat» gazetasida tarjimon va muxbir bo‘lib ishlagan.
1919 yili Turkiston hukumati huzurida respublikadagi tojiklar, eronliklar va afg‘onlarni birlashtirgan fors bo‘limi tashkil etilgach, Sa’idrizo Alizoda bu bo‘limga boshliq etib tayinlangan. Bo‘lim haftalik «Sharq mash’ali» jurnalga asos solgan va 1919 yil 7 martda Sa’idrizo Alizoda ushbu jurnalga muharrir etib tayinlangan. 4000 nusxada chop etilgan jurnal Turkiston, Kavkaz ortidan tashqari, Afg‘oniston, Eron, Turkiya, Hindiston va qator arab mamlakatlarida tarqalgan edi. Jurnal sahifalarida Sa’idrizo Alizodaning o‘lka ahlining erkin hayotga tashna orzu-umidlari o‘z ifodasini topgan maqola va she’rlari e’lon qilib borilgan.
U 1922 yildan boshlab «Zarafshon» gazetasida bo‘lim mudiri bo‘lib ishlagan. Muharrirlik qilish bilan bir paytda, «Turkiston xabarlari», «Kambag‘allar o‘qi», «Hurriyat», «Mehnatkashlar tovushi», «Buxoroi sharif», «Turon», «Samarqand ovozi» gazetalari, «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy» jurnallarida maqolalar chiqarib turgan. Tanqidiy maqolalari va feletonlarini Bahlul, Zambur, Ranjbar, Bog‘ishamoliy, Shapaloq, S.A. kabi taxalluslari bilan berib borgan.
Samarqandda tojik tilida ta’lim beruvchi maktab ochib, kambag‘al oilalarning farzandlariga ta’lim bergan Sa’idrizo Alizoda o‘quvchilar uchun «Sarfi arab», «Turkiy alifbo», «Tarix», «Jug‘rofiya», «Riyoziyot», «Handasa», «Tabiat», «Din vojiblari», «Nizomnoma», «Badan tarbiyasi», «Ilmi fazo» singari o‘n bitta darslik yozgani ma’lum. Bu darsliklar boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan bo‘lib, o‘quvchilar ular orqali savod chiqarishdan tortib, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha yetarlicha bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lganlar. Sa’idrizo Alizoda o‘zbek maktablari uchun «Birinchi yil» alifbosini yozib, Samarqanddagi yangi usul maktablariga bepul tarqatganini alohida urg‘ulagan bo‘lardik. Maktabchilik va darsliklar yozishdan tashqari shaharda yashovchi ruslar uchun kechki kurslar tashkil etgan hamda ularga o‘zbek va tojik tillarini o‘rgatgan.
Sa’idrizo Alizodaning ozarbayjonlik mutafakkir Abdulla Shoyiq bilan birgalikda yaratgan «Yangi ozarbayjon alifbosi» Ozarbayjon maktablari uchun darslik qimmatli sifatida foydalanilganiga ham urg‘u berish lozim.
Ma’rifatchi jadid lug‘at tuzish ishlari bilan shug‘ullangan hamda 1933-1934 yillarda 61 000 so‘zdan iborat ikki jildlik ruscha-tojikcha lug‘atini nashr ettirgan bo‘lib, unda ko‘plab kasbiy va ijodiy atamalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari nomlari, ilmiy va adabiy nomlar o‘rin olgan.
Sa’idrizo Alizodaning yangicha qarash va intilishlari, eng muhimi, bu boradagi aniq-tiniq ishlari yurtdan tashqarida ham dovruq topgani yaxshi ma’lum. Uning nabirasi Farhod Alizodaning aytishicha, mutafakkir Afg‘oniston hukmdori Omonullaxon (1892 – 1960) farmoni bilan fors tilida tarix va islom diniga oid «Asri saodat», «Murosilot-maktubot», «Odobi ikrom», «Tarixi islom», «Tarixi Turkiston», «Qonuniyathoyi diniy», «Madaniyati islom», «Zarurati islom», «Fan dar borayi koinot» kitoblarni yozgan va ular 1923-1933 yillarda Pokistonning Lohur shahrida nashr etilgan.
Sa’idrizo Alizoda tarjimonlik sohasida ham samarali mehnat qilgan ziyolilardan sanaladi. U Eron va Afg‘onistondan Turkistonga kelgan ziyolilar bilan samarali hamkorlik qilgan. 1933-1937 yillarda Samarqand davlat universitetida arab va fors tillaridan dars bergan, butun umrini millat va yurt ro‘shnoligi, yangicha qarash va bilimlarga ega avlod tarbiyasi uchun bag‘ishlagan o‘zbekning ulug‘ini mustamlakachilar ko‘zdan qochirishlari mumkin emasdi. Ular Sa’idrizo Alizodani 1937 yili Samarqand davlat universitetida yoshlarga dars berib turgan xonaning o‘zidayoq qo‘lga olganlar. O‘z odatlariga ko‘ra, uni josuslikda ayblab, qamoq jazosiga hukm qiladilar. Oldiniga Samarqand, so‘ngra Toshkentda, keyinroq Tobolsk va Vladimirda 8 yil qiynoqlar ostida tutqinlik azobini tortgan Sa’idrizo Alizoda 1945 yil 24 dekabrda Vladimir qamoqxonasida sil kasalidan vafot etadi. 1987 yili nabirasi Farhod Alizodaning sa’y-harakati bilan marhumning hoki Vladimirdan o‘z yurtiga olib kelingan hamda Samarqanddagi Panjob qabristonida dafn etilgan.
Samarqand shahri ko‘chalaridan biriga va shahardagi 14-maktabga Sa’idrizo Alizoda nomi berildi.
Dilnoza Jamolova,
FA Tarix instituti doktoranti
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori