Iste’molchining talabi qondirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi fuqaro F.T. tuman markazida joylashgan “Sh” do‘konidan narxi 1 million 700 ming so‘m bo‘lgan “LITV” markali smart televizor sotib olgan.
Oradan ko‘p o‘tmay televizorda nosozlik aniqlangan. Vaziyat bo‘yicha fuqaro do‘kon mutaxassislaridan nosoz televizorni ta’mirlab yoki almashtirib berishni so‘rab iltimos qilgan. Ammo, kutilgan natija bo‘lmagach Beruniy tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi.
Fuqaroning murojaati mutaxassislar tomonidan o‘rganilishi jarayonida iste’molchining huquqi buzilganligi ma’lum bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida: Iste’molchi tovar sotib olganda uning kamchiliklarini bepul bartaraf etishni yoki o‘xshash markali buyumga almashtirib berilishini talab qilishga haqli. Shuningdek, 15-moddada sotuvchi (ishlab chiqaruvchi) iste’molchidan buyumni qabul qilib olishi va kamchiliklarni qisqa muddatda bepul bartaraf etib berishi shart, deb ko‘rsatilgan.
Mutaxassislar ushbu qonun asosida muammoni o‘rganib chiqib, do‘kon mutaxassislariga tushuntirish ishlarini olib bordi. Natijada iste’molchining nosoz televizori uchun servis xizmati ko‘rsatilib, tuzatib berilishiga erishildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.