Iste’molchilarni chalg‘itish jarimaga sabab bo‘ladi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “INVEST FINANS BANK” AJning kredit xizmati reklama axborotida iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumot berilgani aniqlangan.
Jumladan, “INVEST FINANS BANK” AJ tomonidan Toshkent shahrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama ob’ektlarida «50 000 000 tanishlarsiz, 50 kun foizlarsiz, 5 yilga, ta’til uchun, ta’mirlash uchun, texnika uchun» mazmunidagi reklama axboroti berilgani kuzatildi.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda faqatgina “INFIN BLACK” kredit kartasi uchun 50 million so‘mgacha, 60 oyga, yillik 23,99 foizdan kredit ajratilishi, kartadan naqd pul yechish 2 foiz, kartadan kartaga pul o‘tkazish 1 foiz, alohida belgilanadigan foiz stavkasi yillik 25,55 foizdan 54,75 foizgacha ko‘rsatilgan.
Kredit bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muhim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “INVEST FINANS BANK” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
N.Rahmonova,
O‘zA