Iste’molchilarga 15 milliard so‘m keshbek summasi to‘lab berildi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dildora Hoshimova ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, joriy yil 23 fevral kuni 86 ming 735 nafar iste’molchilarga yanvar oyida yig‘ilgan jami 15 milliard so‘m keshbek summasi to‘lab berildi. Fevral oyida yig‘ilgan keshbek mart oyining 21-25 sanalarida to‘lanadi.
Shu bilan bir qatorda, o‘tgan oy mobaynida 276 ming 302 ta xarid chekiga hisoblangan yana 5,4 milliard so‘mdan ortiq keshbek to‘lanmasdan qolmoqda. Bunga 17 ming 517 ta tadbirkorlik sub’ektlarining soliq hisobotlaridagi kamchiliklar sabab bo‘lmoqda. Xususan 2 ming 763 ta tadbirkor hisobotlarida chek ma’lumotlari to‘liq aks ettirilmagan. 12 ming 406 ta tadbirkor umuman hisobot topshirmagan, 2 ming 348 ta tadbirkorning 1 million so‘mdan yuqori soliq qarzi mavjud.
Tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan soliq hisobotlari topshirilishi, kamchiliklar tuzatilishi hamda ularning qarzdorligi kamayishi bo‘yicha kunlik o‘zgarishlar real vaqt rejimida inobatga olinib, hisoblangan keshbek summasi tasdiqlanadi.
bugungi kunda savdo jarayonlarini tezlashtirish va hisob-kitobni aniq yuritish maqsadida tadbirkorlar 2D skaneridan foydalanish keng yo‘lga qo‘yilgan.
Shuni ham aytish joiz, Prezidentining 2021 yil 4 oktyabrdagi “Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida nazorat-kassa texnikasidan foydalanishni takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida tadbirkorlik sub’ektlari 2023 yil 1 yanvargacha onlayn nazorat-kassa mashinasi, kodlarni o‘qiydigan 2D-skanerlarni sotib olganida har bir qurilma uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, ya’ni 1 million 80 ming so‘mgacha kelgusida to‘laydigan foyda solig‘i, aylamadan olinadigan soliq yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarni daromad soliqlaridan chegirib qolishi mumkinligi belgilangan.
Ushbu qurilmalarning narxlari bir – bir yarim million so‘m atrofida bo‘lib, bugungi kunda 11 ming 143 ta tadbirkorlik sub’ektlari 2D-skanerlardan foydalanmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA