Iste’molchilarga 137,4 milliard so‘mdan ortiq keshbek ajratildi
Bugungi kunda mamlakatimizda raqamlashtirish va elektron hisob-kitoblarni joriy qilish orqali xarid madaniyati keskin o‘zgarmoqda. 2025 yil dekabr oyi holatiga ko‘ra, iste’molchilar 209,7 million chek uchun 137,4 milliard so‘mdan ortiq keshbek olgan.
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2025 yil dekabr oyida O‘zbekistonda iste’molchilarning elektron cheklar orqali amalga oshirgan xaridlari uchun umumiy 209,7 million chek hisobiga 137,4 milliard so‘mdan ortiq keshbek to‘lab berildi.
Eng katta keshbek to‘lovlari Toshkent shahrida 42,7 mlrd. so‘m, Farg‘ona viloyatida esa 21,8 mlrd. so‘mni, Toshkent viloyatida 15 mlrd. so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 10,3 mlrd. so‘m, Samarqand viloyatida 8,4 mlrd. so‘mni tashkil etgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Keshbek tizimi 2023 yil 1 maydan boshlab joriy etilgan bo‘lib, ijtimoiy keshbek (12 foiz QQS qaytarilishi) “Ijtimoiy himoyaning yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga tegishli ma’lum tovarlar va xizmatlarni xarid qilganda avtomatik ravishda hisobga olinadi. Bu mexanizm faqat cheklarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazgan xaridlar uchun amal qiladi.
2025 yil davomida iste’molchilarga umumiy keshbek to‘lovlari bir necha yuz milliard so‘mni tashkil etdi. Ya’ni yanvar va avgust oylarida ham katta miqdorda pul qaytarilgan. Masalan, 2025 yil yanvarida 118,5 million chek uchun 92,6 mlrd. so‘m keshbek to‘langani ma’lum qilindi. Eng katta keshbek summasi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan.
Umuman olganda, 2025 yilning avvalida mamlakat bo‘ylab keshbek pullari jami 900 mlrd. so‘mga yaqin hajmda to‘lab berilgan.
Keshbek tizimi iste’molchilarni rasmiy cheklar olishga rag‘batlantiradi va fiskal operatsiyalarni oshkor qiladi. Buning natijasida xarid madaniyati yuzaga keladi. Pul oqimi nazorat qilinadi. Ichki savdo sohasida elektron hisob-kitoblarning dolzarbligi oshadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA