Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga xizmat avtomobillari topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 6-oktabrdagi qarori ijrosini ta’minlash, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish maqsadida Qashqadaryo viloyatida xizmat avtomobillari topshirildi.
O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyati hududiy birlashmasiga zamonaviy “Tracker”, Koson va Mirishkor tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlariga esa “Onix” rusumli xizmat avtomobillari tantanali ravishda topshirildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur transport vositalari hududlarda fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, sayyor qabullar tashkil etish, jamoatchilik monitoringlarini o‘tkazish, iste’molchilar huquqlari buzilishi bilan bog‘liq holatlarni tezkor o‘rganish hamda aholiga huquqiy maslahatlar ko‘lamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholiga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Bugungi kunda federatsiya tizimida iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, murojaatlarni qisqa muddatlarda hal etish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish hamda aholi bilan manzilli ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Qayd etilganidek, moddiy-texnika bazasining mustahkamlanishi hududiy bo‘linmalar faoliyati samaradorligini oshirish, aholiga yaqin va tezkor xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri