Iste’molchilar huquqlari doimiy e’tiborda
Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, murojaatlariga o‘z vaqtida amaliy yechim topish adolat va qonuniylikning muhim mezoni hisoblanadi. Bu borada Xatirchi tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jaloyir mahallasida yashovchi A.Mamatov murojaatiga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i “I” savdo markazidan 8 million 227 ming so‘mga tilla zirakni muddatli to‘lov asosida xarid qilgan. Mahsulot oila a’zolariga ma’qul kelmagani, oilada 3 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs borligi va to‘lovlarda qiyinchilik yuzaga kelishi mumkinligi sababli shartnomani bekor qilish so‘ralgan. Savdo markazida masala hal etilmaganidan so‘ng u tuman jamiyatiga murojaat qilgan. Natijada shartnoma bekor qilinib, fuqaroning huquqi tiklandi.
Tinchlik mahallasida yashovchi R. Umarovning esa 3 yillik muammosiga yechim topildi. U 2023-yilda “S.U.” fermer xo‘jaligiga 180 million so‘mlik mahsulot yetkazib bergan, shundan 15 million so‘mi to‘lanmay qolgan. Jamiyat mutaxassislarining huquqiy tushuntirishlari natijasida fermer xo‘jaligi ushbu mablag‘ni to‘liq to‘lab berdi.
Madaniyat mahallasida yashovchi N. Turdiyev esa Instagram orqali To‘rtko‘l tumanidagi “To‘rtko‘l” savdo markazidan 3 million 200 ming so‘mga buyurtma bergan drel o‘rniga sifatsiz mahsulot olinganidan shikoyat qildi. Xatirchi va To‘rtko‘l tumanlari iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari hamkorligi natijasida muammo bir kun ichida hal etildi. Fuqaroga 3,2 million so‘m mablag‘ qaytarilib, sifatsiz mahsulot olib ketildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri