Iste’molchiga konditsionerning puli qaytarib berildi
Marg‘ilon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Toshloq tumanida yashovchi fuqaro O.Ashurovaning “Ipakchi buyum bozori”dan sotib olgan konditsionerning talab darajasida ishlamagani holati yuzasidan murojaati o‘rganildi.
Unga ko‘ra, O.Ashurova 16 noyabr kuni buyum bozoriga konditsioner xarid qilish uchun borgan. Bu yerda o‘ziga biroz tanish bo‘lgan tadbirkor A.O. tomonidan sotilayotgan “Avalon” markali konditsionerni ma’qul ko‘rib sotib olmoqchi bo‘lganida sotuvchi unga hozir “Artel” markali konditsionerlarga aksiya ketayotganligini, qolaversa narxi ham arzonroqligini aytib, shulardan birini xarid qilishni tavsiya qilgan.
“Javob beraman, ishlamasa olib kelaverasiz” degan va’daga ishonib, “Artel” markadagi konditsionerni xonadoniga o‘rnatib berish sharti bilan, 5 million so‘mga sotib oladi.
Ammo xonadonga o‘rnatilgan konditsioner uyni isitish o‘rniga faqat sovuq havo haydayvergach, iste’molchi sotuvchi bilan bog‘lanib, konditsioner yaxshi ishlamayotganini, faqat sovuq havo haydayotganini tushuntiradi. Sotuvchi xonadondagi elektr toki quvvatining yetarli darajada ekanligini bilish maqsadida elektr ustasini yuboradi.
Usta konditsonerning to‘la quvvat bilan ishlashiga elektr toki quvvati pastlik qilayotganligini aytgach, iste’molchi sotuvchidan konditsionerni “Avalon” markalisiga almashtirilishini so‘raydi. Lekin sotuvchi orada narxlar oshib qolganligini vaj qilib, almashtirib berish ishlarini paysalga solgan. Iste’molchi u holda pulini qaytarilishini talab qiladi va o‘rtada kelishmovchilik yuzaga keladi.
– “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasi talablaridan kelib chiqilsa, ushbu holatda iste’molchiga tovar haqida yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot berilgani pastroq elektr toki quvvati sharoitida to‘laqonli ishlay olmaydigan konditsioner sotib olinishiga sabab bo‘lgan, – dedi Marg‘ilon shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi Saidxon Hapizov. – Bunday holatda esa iste’molchi zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar sotib olinganligi vaji bilan, shartnomani bekor qilishga va o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Iste’molchining shahar jamiyatiga qilgan murojaatini o‘rganishda qonunning mazkur talablari bo‘yicha sotuvchiga tushuntirishlar berildi. O‘rganish yakuni bilan zarur iste’mol xossalariga ega bo‘lmagan tovar iste’molchi xonadonidan olib ketilib, unga bunday tovar uchun to‘langan 5 million so‘m puli qaytarildi.
O‘zA