Iste’molchi huquqlari sudda himoya qilindi
Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqaro Saida Mo‘minovaning “Florensiya Samarkand” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma shartlari bajarilmay kelinayotgani xususidagi murojaati o‘rganilib, o‘rganish yakunlari bo‘yicha iste’molchi manfaatlarini ko‘zlab, tegishli tartibda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga kiritilgan da’vo arizasi ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qarori chiqarildi.
Iste’molchi Saida Mo‘minova hamda “Florensiya Samarkand” MCHJ o‘rtasidagi 1-sonli shartnoma shartlarini bajarish majburiyatini yuklash, jumladan, 56 million so‘m mablag‘ undirilishi hamda yangi qurilayotgan ko‘p qavatli turar joydan 2 ta savdo do‘kon yerto‘lasi bilan birga, 2 qavatdan 110 kvadrat metr uy-joy buzilgan ko‘chmas-mulk uchun tovon hamda hisoblangan penya mablag‘lari hamda ma’naviy zarar undirilishida amaliy yordam so‘ragan.
Ishni ko‘rish yakunlariga ko‘ra, sud javobgar “Florensiya Samarkand” MCHJ hisobidan manfaatdor shaxs Saida Mo‘minova foydasiga 56 million so‘m qarz, 432 million so‘m penya va 34 ming so‘m pochta xarajati undirilishi, javobgar zimmasiga fuqaro Saida Mo‘minovaga 1 ta savdo do‘kon 132 kvadrat metr birinchi qavatdan yerto‘lasi bilan birga, 1 ta savdo do‘kon 70 kvadrat metr birinchi qavatdan yerto‘lasi bilan birga, 2 qavatdan 110 kvadrat metr uy-joy buzilgan ko‘chmas mulk uchun tovon pulini “Qabul qilish-topshirish” dalolatnomasi orqali topshirish majburiyatini yuklatish yuzasidan qaror chiqardi.
Samarqand shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati sa’y-harakati bilan yana bir fuqaro manfaatlari sudda himoya qilindi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA