Iste’dodlar ardoqlangan yurt
Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta’lim tashkilotlarining yillik hisobot konserti bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim muassasalari soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.

Madaniyat vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda vazirlik tizimida ta’lim muassasalari soni ortib bormoqda. Xususan, Toshkent shahrida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti va Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi etib qayta tashkil qilindi. Uning Urganch filiali, shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiallari tashkil etildi.

Raqs, maqom, opera va baxshichilik san’ati yo‘nalishlarida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyati kengaytirildi. Shu bilan birga, bir qator hududlarda ushbu yo‘nalishlarga ixtisoslashgan maktab-internatlar ish boshladi.
Hududlarda bolalar musiqa va san’at maktablari tarmog‘i ham kengayib bormoqda. Shuningdek, ta’lim jarayonida milliy musiqiy merosni o‘rgatishga qaratilgan fanlar joriy etildi.

Tadbirda milliy maqom san’atini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning ijodiy salohiyatini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuksak natijalarni berayotgani yana bir karra namoyon bo‘ldi.
Konsert dasturida iste’dodli o‘quvchi va talabalar ishtirokida musiqiy-badiiy chiqishlar namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA